Logo

Qozog'istonda vaqtincha ishlayotgan vatandoshimizning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nopok ish beruvchidan olib berildi

May 01, 2025. 11:58 • 47 soniya

267
Qozog'istonda vaqtincha ishlayotgan vatandoshimizning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nopok ish beruvchidan olib berildi

OLMAOTA, 1-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari ko'magida Qozog'istonning Olmaota viloyatida mushkul ahvolda qolgan yurtdoshimiz oilasi bag'riga qaytarildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Bosh konsulxonadan olingan ma'lumotlarga ko'ra, vatandoshimiz R.M. fuqarolik pasportini ish beruvchidan qaytarish va sog'ligida kuzatilgan muammolar tufayli O'zbekistonga yetib olishi uchun yordam so'rab murojaat qilgan.

Hamyurtimiz joriy yil mart oyida Olmaota viloyatining Qorasoy tumanidagi fermer xo'jaligida traktorchi bo'lib ishlash uchun kelgan. Oradan bir-necha kun o'tib, unda yurak xuruji kuzatilgan va o'z vazifasini bajara olmagan.

Fermer xo'jaligi rahbariyati esa uning og'ir ahvoliga qaramay ishlashga majbur qilgan va ish joyini tashlab ketmasligi uchun fuqarolik pasportini va uyali aloqa vositasini tortib olgan.

O'zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari murojaatni tezkorlik bilan o'rgandi va yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish choralari ko'rdi.

Mahalliy politsiya vakillari bilan birgalikda olib borilgan o'rganishlar natijasida vatandoshimizning pasporti nopok ish beruvchidan olib berildi.

Yurtdoshimiz Bosh konsulxona xodimlari tomonidan O'zbekistonga kuzatib qo'yildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish