O‘zbekiston elchixonasi va “Uma Palata” advokatlar hay’ati vakillari Rossiyadagi mehnat muhojirlarining huquqiy himoyasini muhokama qildi
Noyabr 20, 2026. 14:00 • 2 daq
• 61
MOSKVA, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi diplomatlari “Uma Palata” advokatlar hay’ati rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga malakali huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, ish haqi bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlikni undirish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar oqibatida tan jarohati olgan yoki halok bo‘lgan fuqarolar uchun kompensatsiya to‘lovlarini undirish, O‘zbekiston fuqarolarining yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar mehnat migratsiyasi sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning mehnat huquqlari buzilishi holatlariga tezkor munosabat bildirish hamda buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Tadbir davomida Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqiy himoyasini ta’minlash maqsadida diplomatik vakolatxona va yuridik tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish hamda vatandoshlarimizga malakali yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash masalasini ishlab chiqishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi