O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi yo‘nalishida hamkorlik rivojlantirilmoqda
Noyabr 20, 2026. 10:00 • 2 daq
• 204
TOKIO, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Yaponiyaning “Muruudul” kompaniyasi prezidenti Kota Sunedzuka bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi, professional ta’lim hamda malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yaponiya tomoni O‘zbekiston yoshlariga yapon tili va zamonaviy kasb-hunar ko‘nikmalarini o‘rgatish, shuningdek, Yaponiya mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sohalarda ularni ishga joylashtirishga ko‘maklashishga qaratilgan loyihaning amalga oshirilishi haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonning tegishli davlat organlari, viloyat hokimliklari va professional ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Andijon va Samarqand viloyatlaridagi bir qator texnikumlarda yapon tili va kasbga tayyorlash bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etilgan bo‘lib, o‘quv jarayoni yaponiyalik ish beruvchilarning talablari hamda mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda olib borilmoqda.
Loyiha doirasida qurilish, avtomobil transporti, yuk tashish, keksalarni parvarish qilish va binolarga xizmat ko‘rsatish sohalari uchun mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonning ixtisoslashgan o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda og‘ir yuk avtomobillari haydovchilarini tayyorlash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Kompaniya vakillarining ma’lum qilishicha, “Muruudul” nafaqat kadrlar tayyorlash, balki yaponiyalik ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatish va o‘zbekistonlik mutaxassislarni ishga joylashtirish bilan ham shug‘ullanadi.
Uchrashuv yakunida inson resurslarini rivojlantirish, yoshlarni kasb va tilga o‘rgatish hamda Yaponiyada munosib mehnat faoliyatini olib borish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligi ta’kidlandi. Tomonlar o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va belgilangan loyihalarni ilgari surishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi