Rossiyaning Volgograd viloyatida vaqtincha ishlayotgan vatandoshlarimiz uchun yaratilgan sharoitlar o'rganildi
Iyul 02, 2025. 13:00 • 2 daq
• 56
VOLGOGRAD, 2-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Rostov-Dondagi Bosh konsulxonasi diplomatlari amaliy safar bilan Rossiyaning Volgograd viloyatida bo'lishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Safar davomida "Spetsializirovanniy zastroyshik Peresvet-Yug" MCHJ, "Volgogradskoye upravleniye Montajavtomatika" AJ va "Akvarel" MCHJ, "Savelyev" kabi korxonalar rahbariyati hamda mazkur tashkilotlarda vaqtincha ishlayotgan hamyurtlarimiz bilan uchrashuv o'tkazildi.
Ish beruvchi korxonalar rahbariyati bilan bo'lib o'tgan muloqotlar chog'i migratsiya sohasida hamkorlik qilish, xususan mavjud bo'sh ish o'rinlariga O'zbekistondan malakali ishchilarni jalb qilish, mehnat migrantlariga zarur sharoitlarni yaratish, ularning huquqlarini munosib ta'minlash va boshqalar to'g'risida fikr almashildi.
Rossiya tomoniga O'zbekiston Prezidentining mehnat migratsiyasini tartibga solishga oid farmon va qarorlarida nazarda tutilgan vazifalar hamda ularning mazmun-mohiyati haqida so'zlab berildi.
O'z navbatida ish beruvchilar O'zbekiston tomoni bilan birgalikda ishlash va yurtimizdan malakali mutaxassislarni umumlashgan holda jalb etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.
Ularning aytishicha, elektr jihozlari va elektr tarmoqlarini o'rnatish, texnik xizmat ko'rsatish va ta'mirlash bo'yicha malakaga ega bo'lgan mutaxassislarga yuqori talab mavjud. Rossiya vakillari, shuningdek, ishchilar uchun transport va hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog'liq barcha xarajatlar ish beruvchi zimmasida ekanini ma'lum qildi.
Uchrashuv yakunida mamlakatimizdan ishchilarni qonuniy tarzda jalb etish maqsadida O'zbekistonning tegishli tashkilotlari bilan muzokaralar o'tkazish yuzasidan kelishib olindi.
O'zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari safar davomida "Savelyev" korxonasida vaqtincha ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashdilar. Suhbat chog'ida hamyurtlarimiz bo'lgan migrantlarining yashash va mehnat sharoitlarining holati hamda ularni yanada yaxshilash imkoniyatlari xususida fikr almashildi.
Vatandoshlar Rossiya mehnat qonunchiligidagi o'zgarishlar bilan tanishtirildi va mezbon mamlakatning migratsiya bo'yicha qonunchilik talablariga to'liq rioya qilish zarurligi ta'kidlandi.
Muloqot yakunida hamyurtlarimiz o'zlarini qiziqtirgan konsullik-huquqiy mavzusiga oid savollariga diplomatlardan batafsil javob oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Xorvatiya va Serbiyada bo‘lib turgan yoki ketayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga!
Bokuda qiyin ahvolga tushib qolgan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi