O‘zbekiston diplomatlarining Kanadaga tashrif doirasida migratsiya masalalari muhokama qilindi
Dekabr 09, 2025. 09:46 • 2 daq
• 93TORONTO, 9-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi diplomatlarining Kanadaga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya aʼzolari dastlab, Kanada Chegara xizmatlari agentligining Toronto hududiy boshqarmasi vakillari bilan uchrashib, “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida ishtirok etdi. Unda Kanadada akkreditatsiyadan o‘tgan elchixona va Bosh konsulxona (Serbiya, Vengriya, Janubiy Afrika, Filippin, Germaniya, Sent-Visent va Grenadina, Trinidad va Tobago) xodimlari qatnashdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar boshqarma faoliyatidagi so‘nggi islohotlar bilan tanishtirildi. Xususan, joriy yil sentyabr oyidan boshlab Agentlik va Kanada hibsxonalari xizmati o‘rtasida noqonuniy immigrantlarni vaqtincha saqlash bo‘yicha shartnomalar tugatilgan. Deportatsiya qilish bo‘yicha yakuniy sud qarori mavjud bo‘lsa-da, ularni hibsxonalarda saqlash amaliyoti bekor qilingan. Hozirda jamoat xavfsizligiga tahdid solish ehtimoli mavjud bo‘lmagan immigrantlar ozodlikda yurishlari mumkin.
Diplomatlarimiz Kanada parlamenti binosida o‘tkazilgan “O‘zbekiston kuni” tadbirida Kanada Tashqi ishlar vazirligining Rossiya va Yevroosiyo boshqarmasining yangi tayinlangan direktor o‘rinbosari bilan muloqot o‘tkazdi.
Suhbatdosh O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi delegatsiyaning Kanadaga tashrifi hamda tashkil etilgan uchrashuvlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari logistika sohasidagi “Energy Trucking Canada Inc”, qurilish sohasidagi “The Royal Way Ltd” va “Sultanova Immigration Consulting Corp” korxonalari rahbariyati bilan ham uchrashib, Kanada mehnat bozoriga O‘zbekiston fuqarolarini olib kirish masalasini muhokama qildi.
Muloqot jarayonida taʼkidlanishicha, yaqin kunlargacha Kanada elchixonasi tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga viza berish ko‘rsatkichi past bo‘lgan. Biroq, so‘ngi vaqtlarda mazkur ko‘rsatkich ijobiy tomonga o‘zgarib, 10 ta berilgan so‘rovdan 9 tasi Kanadaga kelishga muvaffaq bo‘lgan.
Xorij tomoni nomzodga viza berishda quyidagi asosiy omillarni inobatga oladi: ish beruvchi xati, ingliz tilida suhbatlashish darajasi (5.5, 6.0 IELTS), 3–5 yillik mehnat tajribasi (mehnat daftaridan ko‘chirma yoki my.gov.uz maʼlumoti) hamda mustaqil dalil sifatida ish joyidan fotosuratlar yoki tanlangan mutaxassislikka o‘qiganini tasdiqlovchi sertifikat.
Suhbatdoshlar ayni paytda qurilish sohasiga talablar yuqoriligi bois, xorijiy ishchi kuchi ehtiyoj mavjudligini inobatga olib, O‘zbekiston fuqarolarini bo‘sh ish o‘rinlarga jalb qilish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Kanadaning Toronto universitetida “Kanadadagi o‘zbek talabalar assotsiatsiyasi” vakillari hamda mamlakatda tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan kechgan muloqot ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston hukumati tomonidan yoshlarga berilayotgan eʼtibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ko‘maklashish vakolatxona ustuvor vazifalaridan biri ekani taʼkidlandi. Talabalarga belgilangan qonun-qoidalariga amal qilish zarurligi, noqonuniy xatti-harakatlardan tiyilish bo‘yicha tushuntirish berildi.
Shuningdek, “Kanadagi O‘zbek jamiyati” tashkiloti bilan hamkorlikda sayyor konsullik qabuli o‘tkazilib, O‘zbekiston fuqarolari uchun konsullik xizmatlari ko‘rsatildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Bokuda qiyin ahvolga tushib qolgan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi
Sankt-Peterburgda vatandoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha memorandum imzolandi
Halle shahrida mehnat migratsiyasi masalasida uchrashuv bo'lib o'tdi
Qirg'iz OAVda O'zbekiston Prezidenti tashabbuslariga bag'ishlangan maqola chop etdi


