Logo

Qatarda o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun yangi ish imkoniyatlari ochilmoqda

Aprel 09, 2026. 15:00 • 2 daq

325
Qatarda o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun yangi ish imkoniyatlari ochilmoqda

DOHA, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan “Youth Globe” xususiy bandlik agentligi va Qatarning “Candidzone” kompaniyasi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda diplomatlar, “Youth Globe” rahbari Sherzod Eshmuratov, “Candidzone” bosh direktori Manxar Muhammad va tashqi yollash bo‘yicha menejer Muhammad Sinar qatnashdi.

Suhbat davomida tomonlar O‘zbekiston va Qatar kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uning asosiy yo‘nalishlarini belgilashga kelishib oldi. Yaqin kunlarda elchixona ko‘magida “Youth Globe” va “Candidzone” o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchilarini Qatardagi mehmonxona va xizmat ko‘rsatish sohalariga yuqori maoshli ishlarga joylashtirish tizimini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Suhbatlar onlayn yoki oflayn shaklda o‘tkaziladi, hujjatlarni rasmiylashtirish esa “Candidzone” tomonidan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Toshkentdagi Millat umidi universitetida til o‘rganayotganlar, “Hamad” shifoxonasi va Qatarning boshqa tibbiyot muassasalarida tahsil olgan mutaxassislarni ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan.

Yana bir kelishuvga ko‘ra, “Youth Globe” va Qatarning “Jusur” davlat rekruting tashkiloti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga kelishildi.

Umuman olganda, bu hamkorlik o‘zbekistonliklar uchun xalqaro mehnat bozorida yangi imkoniyatlar yaratadi va Qatardagi mehmonxona, xizmat ko‘rsatish hamda tibbiyot sohalariga malakali kadrlar jalb qilishga yordam beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish