O‘zbekiston delegatsiyasi Kanadaga tashrifi davomida tashqi ishlar, bandlik va ijtimoiy rivojlanish vazirliklarida muzokaralar, biznes va o‘zbek diasporasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi
Aprel 08, 2026. 22:00 • 2 daq
• 83
TOSHKENT, 8-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi ko‘magida Ottava va Toronto shaharlarida Kanada davlat idoralari, ishbilarmon doiralar hamda o‘zbek diasporasi vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, tashrifning markaziy qismi Kanada Tashqi ishlar vazirligida o‘tkazildi. Uchrashuv davomida taraflar ikki tomonlama munosabatlarning barqaror ijobiy rivojlanayotganini qayd etib, ularni yanada chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Xorij tomoni mintaqaviy va xalqaro kun tartibi doirasida hamkorlikni faollashtirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishni qo‘llab-quvvatladi.
Kanada Bandlik va ijtimoiy rivojlanish vazirligida o‘tkazilgan uchrashuv mazmunli va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tdi. Unda konsullik-huquqiy faoliyat sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muloqotlarning muhim qismidan Torontoda biznes vakillari va o‘zbek diasporasi ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlar o‘rin oldi. Unda Kanadada yashayotgan O‘zbekiston fuqarolariga taalluqli dolzarb masalalar va ularni hal etish yo‘llari muhokama qilindi. Shuningdek, vatandoshlar forumi o‘tkazilishi avlodlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida ona tilini va milliy anʼanalarni asrab-avaylashga qaratilgan madaniy-maʼrifiy tashabbuslarni kengaytirishdagi ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi