BMT forumida O‘zbekistonning migratsiya sohasidagi yutuqlari namoyish qilindi

May 12, 2026. 09:30 • 3 daq

311
BMT forumida O‘zbekistonning migratsiya sohasidagi yutuqlari namoyish qilindi
BMT forumida O‘zbekistonning migratsiya sohasidagi yutuqlari namoyish qilindi
BMT forumida O‘zbekistonning migratsiya sohasidagi yutuqlari namoyish qilindi
BMT forumida O‘zbekistonning migratsiya sohasidagi yutuqlari namoyish qilindi
BMT forumida O‘zbekistonning migratsiya sohasidagi yutuqlari namoyish qilindi
BMT forumida O‘zbekistonning migratsiya sohasidagi yutuqlari namoyish qilindi
BMT forumida O‘zbekistonning migratsiya sohasidagi yutuqlari namoyish qilindi

NYU-YORK, 12-may. /“Dunyo” AA/. BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida tashkilot Bosh Assambleyasi homiyligida xalqaro migratsiya muammolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ikkinchi forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda BMTga a’zo davlatlarning yuqori martabali vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, jumladan, Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT), BMT tizimidagi ixtisoslashgan tuzilmalar, fuqarolik jamiyati va ekspert doiralari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev rahbarlik qildi. U o‘z nutqida forum ishtirokchilarini mamlakatda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida xabardor qildi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston migratsiyani nafaqat mehnat mobilligi masalasi, balki inson kapitali rivoji, ijtimoiy barqarorlik va xalqaro hamkorlikning muhim omili sifatida ko‘radi.

Shuningdek, mamlakatda migratsiyani boshqarish tizimi keng qamrovli modernizatsiya qilingani va fuqarolarni xorijga chiqishga tayyorlashdan tortib, ularning huquq va manfaatlarini chet elda himoya qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni muvofiqlashtiruvchi yagona tuzilma yaratilgani qayd etildi.

Inson kapitaliga sarmoya sifatida sifatli, xavfsiz va qonuniy migratsiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan respublikada xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarning kasbiy, til va huquqiy tayyorgarligini kuchaytirish mexanizmlari takomillashtirilayotgani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston tomoni migratsiya sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish muhimligini ham ta’kidladi. Joriy yilning 18–19-may kunlari Toshkent shahrida Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda zamonaviy migratsiya masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Forum doirasida BMT shtab-kvartirasida Qatar bilan hamkorlikda “Migrantlarni ekspluatatsiya va odam savdosidan himoya qilish: institutsional tizimlarni integratsiyalash va davlat sherikligini mustahkamlash” mavzusida parallel tadbir tashkil etildi.

Tadbirga Behzod Musayev hamda Qatar mehnat vaziri o‘rinbosarining yordamchisi shayxa Najva bint Abdulrahmon Ol Taniy hamraislik qildi.

Unda Xalqaro migratsiya tashkiloti, Qatar Mehnat vazirligi, BMTga a’zo davlatlar, xalqaro nohukumat tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida O‘zbekiston va Qatarning mehnat migrantlari bilan ishlash sohasidagi tajribasi taqdim etildi, shuningdek ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tadbir yakunida ekspertlar bilan interaktiv muloqot bo‘lib o‘tdi.

Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazdi. Xususan, Shvetsiya migratsiya vaziri Yoxan Forssell, Xalqaro migratsiya tashkiloti Bosh direktorining operatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Ugochi Deniyels, Finlyandiyaning migratsiya bo‘yicha maxsus elchisi Tuula Svinxufvud, shuningdek Nyu-Yorkdagi “Ballon Stoll” yuridik firmasi boshqaruvchi sherigi Vano Harutunyan bilan muzokaralar olib borildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish