Stokgolmda kadrlar tayyorlash va O‘zbekiston fuqarolarini Shvetsiyada ishga joylashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi

Noyabr 13, 2026. 14:00 • 2 daq

• 165

STOKGOLM, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. Stokgolm shahrida “O‘zbekiston – Shvetsiya: ko‘nikmalar, iste’dodlar va mehnat migratsiyasi” mavzusida forum o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. 

Mazkur anjuman kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va o‘zbekistonlik mutaxassislarni Shvetsiya mehnat bozoriga uyushgan tarzda jalb etish masalalariga bag‘ishlandi.

Tadbir O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi ko‘magida Migratsiya agentligi tomonidan tashkil etildi. Unda Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov va Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Xusanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, davlat idoralari, ish beruvchilar, rekruting kompaniyalari va shved diasporasi vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston elchisi Rahmatulla Nurimbetov, Shvetsiyaning O‘zbekistondagi elchisi Martin Rozen va Shvetsiya Migratsiya xizmatining O‘zbekiston bo‘yicha loyiha rahbari Gabriela Furtado so‘zga chiqdilar.

Martin Rozen O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyotini yuqori baholab, mamlakatni Markaziy Osiyoda Shvetsiyaning istiqbolli hamkori deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mehnat migratsiyasi ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda.

Gabriela Furtado shved ish beruvchilari va rekruting agentliklarini O‘zbekiston bilan aloqalarni yanada faollashtirishga chaqirib, mamlakatda legal va uyushgan mehnat migratsiyasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan davlat siyosatining ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Muhsinxo‘ja Abdurahmonov O‘zbekistonning kadrlar salohiyati, yevropalik ish beruvchilarning talablarini hisobga olgan holda mutaxassislarni tanlab olish mexanizmlari hamda migratsiya siyosatidagi islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. 

Azimjon Xusanov milliy kasbiy ta’lim tizimi hamda shved ish beruvchilari va ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari, jumladan, mutaxassislarni qo‘shma dasturlar asosida tayyorlash va malakalarni Shvetsiya standartlariga moslashtirish xususida so‘z yuritdi.

Forumda, shuningdek, Shvetsiya korxonalari konfederatsiyasi (Svenskt Näringsliv), Fermerlar federatsiyasi (LRF), “yashil” ish beruvchilar birlashmasi (Gröna arbetsgivare), “IKEM” tashkiloti, Shvetsiyaning Yevroosiyo bo‘yicha savdo palatasi, “OnePartnerGroup” va “Incluso” rekruting kompaniyalari, shuningdek, Norvegiyaning “QM Software” tashkiloti vakillari qatnashdilar. Ular iqtisodiyotning turli tarmoqlariga o‘zbekistonlik xodimlarni jalb etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Muloqot chog‘ida Shvetsiyaning shimoliy hududlari, jumladan, saamlar istiqomat qiladigan va kadrlar yetishmovchiligi kuzatilayotgan hududlar vakillari tomonidan ham alohida qiziqish bildirildi. Xususan, tibbiyot sohasidagi mutaxassislarga ehtiyoj mavjudligi hisobga olinib, o‘zbekistonlik hamshiralarni tayyorlash dasturida ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish