O'zbekiston sayyohlik salohiyati Malayziyada keng targ'ib qilinmoqda
Avgust 31, 2025. 14:56 • 4 daq
• 32
KUALA-LUMPUR, 31-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida mamlakatimiz turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri va "B2B" shaklidagi uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Malayziya sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi (MATTA), "PAPUH" umra va haj turizm assotsiatsiyasi rahbariyati, mahalliy turoperatorlar vakillari, malayziyalik mashhur aktrisa va teleboshlovchi Adrea Abdullah ishtirok etdi.
O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarga mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, jumladan zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar, xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulayliklar haqida so'zlab berdi.
Chet ellik sayyohlarni respublikaga keng jalb qilish maqsadida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan Malayziya fuqarolari uchun vizasiz rejim amal qilishi, "Uzbekistan Airways" va "Batik Air Malaysia" aviakompaniyalarining Toshkent va Kuala-Lumpur o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri reyslari amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.
"Grand Atlas Discovery" turkompaniyasi vakillari O'zbekistonga sayohat qiluvchilar uchun taqdim etilayotgan xizmatlar, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining turizm dasturlari, "ziyorat turizm", "gastronomik turizm", "qishki turizm", "MICE turizm", "Umra plyus" kabi sayyohlik dasturlari haqida ma'lumot berdi.
Malayziyaning "Qasswa Travel" kompaniyasi vakili Liza Dora o'z navbatida, joriy yilda malayziyalik turistik guruhi tarkibida mamlakatimizga qilgan sayohati haqida so'zlab berdi.
Uning aytishicha, jahon islom sivilizatsiyasi taraqqiyotida muhim o'rin tutgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Al-Xorazmiy, Beruniy va boshqa qator mutafakkirlar yurti bo'lgan O'zbekiston bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, shu jumladan turizm sohasidagi o'zgarishlar natijasida Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida eng jozibador turistik va biznes manzilga aylanib bormoqda.
O'zbekistonning Malayziyadagi turizm elchisi, Daler Yusuf taxallusi bilan tanilgan taniqli aktyor esa tadbir ishtirokchilariga Xorazm va Surxondaryo viloyatlarining turizm salohiyati haqida so'zlab berdi va turkompaniyalarni ushbu hududlarga ham sayyohlarni jalb qilishga chaqirdi.
Ikki mamlakat turoperatorlarining "B2B" shaklidagi uchrashuvlari doirasida "ziyorat turizm", "qishki turizm", "Umra plyus" turpaketlari sotuvini Malayziyada keng yo'lga qo'yish orqali respublikaga sayyohlar oqimini oshirish bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, tadbirda milliy hunarmandchilik va amaliy san'at mahsulotlari namoyish etildi. Ishtirokchilarga O'zbekiston Turizm qo'mitasi tomonidan taqdim etilgan yurtimiz haqidagi tarqatma materiallar tarqatildi.
O'zbek gastronomik turizmi salohiyatini namoyish qilish maqsadida tadbir doirasida o'zbek milliy palovi ham tayyorlanib, mehmonlarga ulashildi.
Sheyx Avad, "MATTA" Malayziya sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi prezidenti o'rinbosari:
– O'zbekiston elchixonasida bo'lib o'tgan tadbir davomida mamlakatingizning turizm salohiyati Malayziya turkompaniyalari orasida jozibador yo'nalish sifatida targ'ib qilindi.
Diplomatik missiya va O'zbekiston Turizm qo'mitasi tashabbusi bilan shu yilning 3-9-iyul kunlari ilk bor Malayziyaning "MATTA", "BUMITRA" va "PAPUH" sayyohlik assotsiatsiyalari rahbariyati va ularga a'zo turkompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiya yurtingizda amaliy tashrif bilan bo'ldi. Men ushbu delegatsiya rahbari sifatida Jizzax Samarqand, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrining turizm salohiyati, madaniy merosi, islom dunyosiga oid bir qator ziyoratgohlari bilan yaqindan tanishdim.
Respublikadagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlar, o'zbek xalqining mehmondo'stligi, o'zbek milliy taomlari delegatsiyada katta taassurot qoldirdi. Tashrifimiz davomida O'zbekiston Turizm qo'mitasi rahbariyati, Jizzax Samarqand, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklarining turizmga mas'ul vakillari, o'zbek turkompaniyalari bilan uchrashuvlar o'tkazdik.
Kuala-Lumpurga qaytganimizdan so'ng "MATTA"ga a'zo turkompaniyalar orasida O'zbekiston turoperatorlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo'yicha targ'ibot ishlarini olib bordik. "MATTA"ga a'zo bir qator mahalliy turkompaniyalar Imom-Buxoriy yurtini Malayziyada keng targ'ib qilishni boshladi.
Assotsiatsiyamiz tomonidan 2025-yil 5-7-sentyabr kunlari Kuala-Lumpur shahrida bo'lib o'tadigan "Matta Fair" xalqaro turizm ko'rgazmasida O'zbekiston Turizm qo'mitasi milliy stendi bilan ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ko'rgazma doirasida O'zbekiston turpaketlari keng targ'ib qilinadi.
Adrea Abdullah, aktrisa va teleboshlovchi:
– O'zbekiston turizm salohiyati taqdimoti va "B2B" uchrashuvlar Malayziya turkompaniya vakillari uchun juda qiziqarli bo'ldi.
Men joriy yilda O'zbekistonga birinchi marotaba bordim. Samarqand, Buxoro va Toshkent shahridagi sayyohlik maskanlarini ko'rdim.
O'zbek xalqining boy madaniyati, tarixi, an'analari va urf-odatlari bilan yaqindan tanishdim. Sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va turizm markazlari menda katta qiziqish uyg'otdi.
Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlarini bog'lab turuvchi to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarning haftasiga to'rt marotaba amalga oshirilayotgani ikki mamlakat sayyohlari va biznes vakillari uchun katta qulaylik yaratmoqda.
Teleboshlovchi sifatida aytishim mumkinki, O'zbekiston menga juda yoqdi. Malayziya aholisi orasida mamlakatingizni keng targ'ib qilishga tayyorman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi
Polshaning Reda shahrida o‘zbek turizm sohasi eʼtirof qilindi
Nemis ekspertlari O‘zbekistondagi turizm imkoniyatlarini yuqori baholadi