O'zbekiston va Hindiston o'zaro havo qatnovlarini haftasiga 28 taga yetkazish bo'yicha kelishuvga erishdi
Dekabr 11, 2024. 12:42 • 2 daq
• 195
DEHLI, 11-dekabr. /"Dunyo" AA/. Hindistonning ommabop "Travel Trends Today" (T3) jurnalida ushbu mamlakatning yirik shaharlarida O'zbekiston sayyohlik salohiyati va "Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasining yangi yo'nalishlariga bag'ishlab o'tkazilayotgan turkum taqdimot marosimlari haqida maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Uzbekistan Airways" AJ, O'zbekistonning Dehlidagi elchixonasi va "Arya Enterprises" kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu yorqin tadbirlarda Hindistonning yirik sayyohlik kompaniyalari, mehmondo'stlik sanoati va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etmoqda.
Jurnal Haydarobodda bo'lib o'tgan roud-shouda Telangana shtati va unga tutash hududlar sayyohlik hamjamiyatining taniqli vakillari hindistonlik sayohatchilar uchun O'zbekistonga turlar tashkil etish bo'yicha istiqbolli loyihalarni muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo'lganini yozgan. Ular, xususan, ikki davlat o'rtasidagi aviareyslarning bugungi holati va o'zaro havo qatnovlarini yana-da ko'paytirish borasidagi sa'y-harakatlarga yuqori baho berdi.
"Tadbir qiziqarli munozaralarga turtki berdi. Uning doirasida O'zbekistonning jozibador va rang-barang sayyohlik yo'nalishi sifatidagi mavqei haqida qimmatli fikrlar bildirildi", – deb ta'kidlagan nashr muxbiri.
Roud-shou doirasida "Uzbekistan Airways" kompaniyasi 2025-yilgi yozgi jadvaldan boshlab haftaning juma kunlari Toshkent va Mumbay o'rtasida uchinchi reysni amalga oshirishni rejalashtirayotgani ma'lum qilindi. Hozirda bu shaharlar seshanba va shanba kunlari haftasiga ikkita reys orqali bog'langan.
Ta'kidlash kerakki, mamlakatimiz elchixonasi va "Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasining izchil sa'y-harakatlari natijasida so'nggi bir yil ichida O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi havo qatnovi uch baravarga oshdi.
2023-yil avgust oyida Toshkent va Dehli shaharlari o'rtasida "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi tomonidan haftasiga olti marta parvoz amalga oshirilgan edi. Bugungi kunda ikki mamlakat poytaxtlarini "Uzbekistan Airways" va "IndiGo" (Hindiston) kompaniyalari tomonidan yo'lga qo'yilgan 14-ta aviareys bog'lab turibdi. "Uzbekistan Airways" joriy yil aprel oyida Mumbay shahri va oktyabr oyida Goa shtatiga haftasiga ikki martadan yangi parvozlarni o'zlashtirgach, haftalik ko'rsatkich 18 taga yetdi.
Yaqinda Kuala-Lumpur (Malayziya) shahrida bo'lib o'tgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO)ning ICAN-2024-tadbiri doirasida O'zbekiston va Hindiston transport va fuqaro aviatsiyasi muassasalari vakillari o'zaro parvozlar miqdorini haftasiga 28 taga yetkazish bo'yicha kelishuvga erishdi.
Yangi parvozlar jug'rofiyasi Samarqand, Buxoro, Namangan, Amritsar, Bangalor, Haydarobod, Chennay va boshqa shaharlarni qamrab olishi rejalashtirilmoqda.
Bugun navbatdagi taqdimot marosimi Bangalor, 13-dekabr kuni esa Kochin shaharlarida bo'lib o'tadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi
Polshaning Reda shahrida o‘zbek turizm sohasi eʼtirof qilindi
Nemis ekspertlari O‘zbekistondagi turizm imkoniyatlarini yuqori baholadi
Goada O‘zbekiston turistik salohiyati va milliy modasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi