Logo

O'zbekiston Avstriyada o'tkazilgan xalqaro turizm ko'rgazmasida milliy stend bilan ishtirok etdi

Yanvar 25, 2025. 13:50 • 3 daq

180
O'zbekiston Avstriyada o'tkazilgan xalqaro turizm ko'rgazmasida milliy stend bilan ishtirok etdi

VENA, 25-yanvar. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston delegatsiyasining 16-19-yanvar kunlari Avstriyaning Vena shahrida bo'lib o'tgan eng yirik xalqaro sayyohlik tadbirlaridan biri - "Ferien Messe" turizm ko'rgazmasida ishtiroki tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

To'rt kun davom etgan bu yilgi ko'rgazmada dunyoning 30 ga yaqin mamlakatidan 500 dan ortiq kompaniya o'z stendi bilan qatnashdi. Tashkilotchilarga ko'ra, ko'rgazmaga tashrif buyuruvchilarning umumiy soni o'tgan yilga nisbatan ikki barobar ortib, 71 ming kishidan oshdi.

Ko'rgazma maydonida yurtimiz elchixonasi va Turizm qo'mitasi ko'magida O'zbekiston milliy stendi tashkil etildi. Unda ko'rgazma ishtirokchilari va mehmonlariga mamlakatimiz an'analari, urf-odatlari va boy madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati taqdim etildi.

"Rocket Uzbekistan", "Sonder Voyage" va boshqa milliy turkompaniyalar Avstriya va boshqa davlatlar vakillari bilan O'zbekistonning turizm salohiyatini ommalashtirish hamda yurtimizga sayyohlar oqimini ko'paytirish maqsadida qator uchrashuvlar o'tkazdi.

Ko'rgazma sahnasida "Bahor" davlat raqs ansambli tomonidan taqdim etilgan madaniy dastur mehmonlar tomonidan yuqori qiziqish bilan kutib olindi.

O'zbekiston stendi va mamlakatimiz san'at ustalari ishtirokida konsert dasturi tashkilotchilar hamda mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Klemens Valsl, Avstriyaning "lass uns reisen" kompaniyasi rahbari:

–O'zbekiston tomoni bilan sal kam o'n yildan buyon hamkorlik qilib kelayapmiz. Ta'kidlash kerakki, so'nggi yillarda mamlakatingizga sayohat qilmoqchi bo'lgan avstriyaliklar soni tobora ortib bormoqda.

Bu yilgi ko'rgazmada O'zbekistonga sayohatlarni targ'ib qilishda katta muvaffaqiyatlarga erishdik. Sababi taqdimotlarimiz davomida o'z mijozlarimizga nafaqat foto va videomateriallar ko'rsatdik, balki O'zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi ko'magi bilan o'zbek san'atkorlarining maxsus badiiy chiqishlarini ham tashkil qildik. O'ylaymanki, bu yilgi ta'til mavsumida minglab avstriyaliklar O'zbekistonga borib kelish baxtiga muyassar bo'ladi.

Ekrem Dishchi, Turkiyaning "Merke Tour" kompaniyasi rahbari:

– Turizm sohasida 25 yildan buyon ishlayapman. Markaziy Osiyoga, xususan O'zbekistonga bo'lgan alohida mehrim ushbu mintaqaga yevropalik sayyohlarni jalb qilish bo'yicha faoliyat olib borishimga sabab bo'ldi.

2019 yilda kompaniyamiz uch mingdan ziyod Avstriya, Germaniya, Shveysariya va Lyuksemburg fuqarolarining O'zbekistonga sayohatini uyushtirdi. Ularning barchasi yurtingizdan katta taassurotlar bilan qaytdi. Bu yilgi mavsumda salkam uch ming avstriyalik sayyohni mamlakatingizga yuborishni rejalashtiryapmiz.

Aksel Xaylig, ko'rgazma mehmoni:

–"Ferien Messe" ko'rgazmasida tashkil qilingan O'zbekiston stendiga tashrif buyurganimdan juda xursandman. O'zbek san'at ustalari ijrosidagi kuy va raqslari meni hayratga soldi. Mamlakatingizning Samarqand va Toshkent shaharlari haqida shu kungacha faqat kitoblarda o'qiganman. O'zbek xalqining mehmondo'stligi haqida ham eshitganman. Joriy yilda O'zbekistonga safar qilishni o'z taqvimimga kiritdim.

Ilza Mayer, ko'rgazma mehmoni:

– O'zbekiston stendi bizga juda yoqdi. Qizim bilan shu yilning oktyabr oyida O'zbekistonga borishni rejalashtiryapmiz. Nukus, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlaridagi diqqatga sazovor joylarini ko'rishni intizorlik bilan kutyapmiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish