Logo

Ispaniyada o'zbek turizm salohiyatini targ'ib qilish masalalari muhokama qilindi

Noyabr 08, 2025. 13:49 • 54 soniya

85
Ispaniyada o'zbek turizm salohiyatini targ'ib qilish masalalari muhokama qilindi

MADRID, 8-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida Turizm yozuvchilari va jurnalistlari xalqaro federatsiyasi (FIJET) prezidenti Migel Anxel Gonsales Suares va tashkilotning xalqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Irina Boxan bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur uchrashuvda Ispaniyada O'zbekistonning turizm salohiyatini targ'ib qilishda ommaviy axborot vositalari xodimlarining o'zaro hamkorligini kengaytirish va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

FIJET rahbarlari O'zbekistonning noyob madaniy merosi, turizm infratuzilmasini rivojlantirish yo'lidagi islohotlari Ispaniya auditoriyasi e'tiborini tobora ko'proq jalb qilayotganini ta'kidladi. Shu bois, kelgusida FIJET a'zolari uchun O'zbekistonga matbuot safari tashkil etish hamda o'zbek turizm salohiyati haqida maxsus kitob nashr etish rejalashtirilgani haqida ma'lumot berdi.

Shuningdek, O'zbekiston ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyatini kengaytirish maqsadida Kanar orollarida ham o'zbek turizm salohiyatini namoyish etish bo'yicha fikrlar bildirildi.

Ishtirokchilar o'zbek milliy oshxonasini madaniy diplomatiya vositasi sifatida targ'ib qilish muhimligini ta'kidladi. Bu mamlakatning didi, muhiti va mehmondo'stlik an'analarini ko'rsatishda muhim ahamiyatga ega.

Uchrashuv yakunida tomonlar O'zbekiston va Ispaniya o'rtasidagi do'stona aloqalarni yana-da mustahkamlash, turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish borasida qilinishi lozim bo'lgan chora-tadbirlarni kelishib olishdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish