Misr OAV: O'zbekiston boy tarix va qadimiy madaniyatga ega madaniy turizm xazinasidir
Mart 15, 2024. 10:44 • 2 daq
• 151
QOHIRA, 15-mart. /"Dunyo" AA/. Misrning "Sada al-Balad" axborot agentligi "O'zbekistonda madaniy turizm" sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston boy tarix va madaniyatga ega madaniy turizm xazinasi hisoblanadi, – deb yozilgan maqola muqaddimasida. – Qadimiy Samarqand va Buxoro shaharlaridan tortib, Toshkentning gavjum bozorlarigacha O'zbekiston eski va yangi, an'ana va innovatsiyaning o'ziga xos uyg'unligini taklif etadi".
Qayd etilishicha, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva, Urganch, Termiz va Qoraqalpog'istonning qadimiy tarixiy obidalari O'zbekiston tarixiy-ma'rifiy turizmining asosini tashkil etadi. O'zining betakror me'morchiligi va madaniy merosiga ega ushbu shaharlar mamlakatning boy tarixidan dalolatdir.
Maqolada O'zbekistondagi madaniy turizm nafaqat tashrif buyuruvchilarga mamlakatning boy madaniy merosi bilan tanishish imkonini beradi, balki qishloq hayotidan zavqlanish va ularda ishtirok etish imkonini ham berishi ta'kidlangan.
"Katta Langar O'zbekistondagi tarixiy va madaniy tajribalarni o'zida mujassam etgan noyob qishloq. Bu yerda qadimiy yodgorlik majmuasi mavjud. Katta Langar o'zining tarixiy va me'moriy diqqatga sazovor joylaridan tashqari, o'zbek qishloqlari hayotiga ham bir nazar tashlash imkonini beradi", – deyiladi manbada.
Misr OAVning yozishicha, O'zbekistonning kundalik hayoti bilan tanishish va mashhur o'zbek palovini taomini tayyorlashda ishtirok etishingiz mumkin bo'lgan yana bir joy bu – Tersak qishlog'idir.
"G'ilon – O'zbekistonning Surxondaryo viloyatidagi qishloq bo'lib, u o'ziga xos qishloq turizmi tajribasini taqdim etadi. G'ilonga tashrif buyuruvchilar mahalliy madaniyat va turmush tarzi, jumladan, an'anaviy dehqonchilik usullari, hunarmandchilik va milliy oshxona bilan tanishishlari mumkin", deb – ta'kidlangan materialda.
Maqolada mahalliy oilalarga qarashli mehmon uylari va ushbu uylarda qolish mahalliy xalq urf-odatlari va an'analari bilan yaqindan tanishish imkonini berishi ma'lum qilingan. Qishloqda yil davomida musiqa, raqs va o'zbeklar merosining boshqa jihatlarini namoyish etadigan madaniy tadbir va festivallar ham o'tkaziladi.
"O'zbekistonda madaniy turizm mamlakatning boy madaniy merosi va an'analari bilan tanishish uchun noyob imkoniyat yaratadi. Shuningdek, qadimiy shaharlarda sayr qilish, muzeylar bilan tanishish, an'anaviy hunarmandchilikni o'rganish yoki mahalliy bozorlarda xaridlarni amalga oshirish shular jumlasidandir", – deb yozgan "Sada al-Balad".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




