Pokiston fotosuratchilari uchun "O'zbekiston pokistonlik fotograflar nigohida" media loyihasi tashkil etildi
Avgust 12, 2025. 10:30 • 2 daq
• 50
ISLOMOBOD, 12-avgust. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi O'zbekiston Turizm qo'mitasi bilan hamkorlikda 2-7-avgust kunlari "O'zbekiston pokistonlik fotograflar nigohida" media loyihasi amalga oshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Loyiha doirasida Pokistonning turli nufuzli media platformalarida faoliyat yuritayotgan, mahalliy va xalqaro turizm yo'nalishlarida vizual kontent yaratish tajribasiga ega 5 nafar professional fotosuratchilar – Gulriz G'ouri, Tariq Hamid Sulemani, Muhammad Azhar Hafiz, Muhammad Ramzan, Muhammad Shahid Qureshining O'zbekistonga ijodiy safari tashkil etildi.
Ijodiy guruh a'zolari Toshkent, Farg'ona, Qo'qon, Rishton, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo'lib, yurtimizning boy madaniy merosi, tarixiy qadamjolari, milliy hunarmandchilik an'analari, tabiiy go'zalliklari, shuningdek, Yangi O'zbekistondagi zamonaviy shaharsozlik namunalari va infratuzilma obyektlarini suratga oldi.
Toshkent shahrida Yangi O'zbekiston bog'i, zamonaviy shaharsozlik obidalari va poytaxtning tarixiy-madaniy markazlari, Chorsu bozori, "Navro'z" parki, "Tashkent City" va "Magic City" hududi tasvirga olingan bo'lsa, Farg'ona, Qo'qon va Rishton shaharlarida Xudoyorxon saroyi, Qo'qon universiteti, an'anaviy kulolchilik ustaxonalari, me'moriy yodgorliklar, gastronomik turizm maskanlari va mahalliy turmush tarzi aks ettirildi.
Samarqandda Registon maydoni, "Konigil" turizm qishlog'i, Shohi Zinda majmuasi, Bibixonim masjidi, Go'ri Amir maqbarasi, Mirzo Ulug'bek rasadxonasi va boshqa noyob me'moriy obidalar, Buxoroda esa Ark qo'rg'oni, Chashmai Ayyub, Ismoil Somoniy majmuasi, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, tarixiy bozor - toqilar va qadimiy maskanlar fotosuratlari olindi.
Safar chog'ida olingan fotosuratlar asosida maxsus turistik nashr – "O'zbekiston pokistonlik fotograflar nigohida" nomli fotoalbom chop etilishi rejalashtirilgan. Mazkur fotoalbom Pokiston keng jamoatchiligini yurtimizning boy tarixiy va madaniy merosi, rang-barang qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyotini yaqindan tanishtirish imkonini beradi.
E'tiborlisi, mazkur loyiha doirasida olingan eng sara suratlar asosida 2025-yil dekabr oyida Islomobod shahrida O'zbekistonning turizm salohiyatiga bag'ishlangan fotoko'rgazma tashkil etiladi. Shuningdek, Lahor, Karachi, Mo'lton, Faysalobod va boshqa shaharlarida ham ko'rgazmalar ochiladi.
Ushbu loyiha Pokistonda O'zbekistonning ijobiy turizm imijini mustahkamlash, turistik yo'nalishlar bo'yicha axborot oqimini kengaytirish va ikki xalq o'rtasida madaniy diplomatiyani rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi
Polshaning Reda shahrida o‘zbek turizm sohasi eʼtirof qilindi
Nemis ekspertlari O‘zbekistondagi turizm imkoniyatlarini yuqori baholadi