Logo

Polsha O'zbekiston vakillarini xalqaro turizm yarmarkasiga taklif qilmoqda

Iyul 01, 2024. 13:18 • 54 soniya

140
Polsha O'zbekiston vakillarini xalqaro turizm yarmarkasiga taklif qilmoqda

VARSHAVA, 1-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston diplomatlari Polshaning "PTAK WARSAW EXPO" markazi vitse-prezidenti Kazimir Svikla bilan uchrashuv o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekistonga Polshadan sayyohlar oqimini yanada ko'paytirish va O'zbekiston vakillarining xorijiy davlatlardagi turizm yo'nalishidagi tadbirlarda ishtirokini ta'minlash masalalari muhokama qilindi.

Kazimir Svikla "PTAK WARSAW EXPO" markazi imkoniyatlari, taklif qiladigan xizmatlar va loyihalar haqida batafsil so'zlab berdi. U joriy yil 29-noyabr – 1-dekabr kunlari Varshava shahrida o'tkazilishi rejalashtirilayotgan "TT WARSAW–2024" xalqaro turizm va sayohat yarmarkasi xususida ham to'xtaldi.

Qayd etilishicha, "TT WARSAW"da ishtirok etish yangi ishbilarmonlik aloqalarini o'rnatish, milliy brendni ilgari surish va turizm industriyasining hozirgi va kelajak tendensiyalari haqida qimmatli ma'lumotlarni olish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etadi.

Muloqot yakunida tomonlar O'zbekiston vakillarining mazkur yarmarkada ishtirokini ishlab chiqish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash to'g'risida kelishib oldilar.

"TT WARSAW" xalqaro turizm va sayohat yarmarkasi Polshaning turizm sohasidagi asosiy ko'rgazmalardan biri hisoblanadi. Unda turizm bozorining turli segmentlaridan mingdan ortiq vakillari ishtirok etadi. 2023-yil o'tkazilgan ushbu tadbirda 56 davlatdan 21 ming 145 kishi qatnashgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish