Logo

Vashington shahri aholisi va mehmonlari O'zbekistonning boy madaniy merosi bilan tanishdi

May 04, 2025. 12:01 • 2 daq

97
Vashington shahri aholisi va mehmonlari O'zbekistonning boy madaniy merosi bilan tanishdi

VASHINGTON, 5-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi AQSh poytaxtida har yili o'tkaziladigan "Passport DC - Around the World Embassy Tour" sayyohlik va madaniy tadbirida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad mezbon davlat aholisi va mehmonlariga mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini namoyish etish, o'zbek madaniyati va an'analarini keng targ'ib qilish hamda milliy taomlarini ommalashtirishdan iborat.

Unda Vashingtonda akkreditatsiyadan o'tgan 50 dan ortiq diplomatik korpus hamda AQSH poytaxti aholisi va mehmonlari ishtirok etdi.

AQShda o'zbek brendini targ'ib qilish bo'yicha olib borilayotgan ishlar sezilarli faollashgani natijasida mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi tadbir ishtirokchilarining eng sevimli joyiga aylandi. Tashkilotchilarga ko'ra, O'zbekiston vakolatxonasi kun davomida 12 mingga yaqin mehmonni jalb qildi.  Shuningdek, O'zbekiston madaniyati va urf-odatlari, elchixona tarixi va boshqa ma'lumotlar ushbu tadbir uchun maxsus tashkil qilingan "Passport DC" ilovasi orqali taqdim etildi.

Shu bilan birga, mehmonlar o'rtasida O'zbekistonning boy madaniy merosi, tarixi va sayyohlik maskanlari haqidagi materiallar tarqatildi.

Tadbir dasturi doirasida O'zbekistonning sayyohlik va gastronomik imkoniyatlari, xalqimizning tarixiy-madaniy merosi va ko'p asrlik urf-odatlari, shuningdek, o'zbek milliy kuy-qo'shiqlari va raqslari namoyish qilindi.

O'zbekiston madaniyati taqdimoti hech kimni befarq qoldirmadi. Xususan, mehmonlar boy o'zbek milliy oshxonasi, O'zbekistondagi gastronomik turizmning ulkan salohiyati, shuningdek, milliy hunarmandchilik mahsulotlarimizni yuksak baholashdi.

 – O'zbekiston va AQSh munosabatlari ikki do'st mamlakat uchun manfaatli ravishda keng rivojlanib borayapti, – dedi "Diplomatic Watch" bosh muharriri Viktor Gtevbe. – Ayniqsa, bunda madaniy aloqalar drayver vazifasini o'tamoqda. O'zbekiston elchixonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar esa ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga mustahkam zamin yaratayotir.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish