Rossiyaning Buryatiya Respublikasidan O'zbekistonga sayyohlar oqimi ko'payadi
Iyul 19, 2025. 11:50 • 2 daq
• 55
NOVOSIBIRSK, 19-iyul. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi ko'magida O'zbekiston turkompaniyalari va Rossiyaning Buryatiya Respublikasining turli idoralari va sayyohlik agentliklari vakillari o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Buryatiya Turizm vazirligi, "Baykal" turistik axborot markazi rahbariyati, "Sibir tur", "Tri kita", "Baykal Buryatiya" va boshqa turoperatorlar, O'zbekiston tomonidan esa Turizm qo'mitasi mas'ul xodimlari, mahalliy sayyohlik agentliklari, "Tes tour", "Grand turizm servis", "People travel Travel" kabi turkompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Buryatiya Respublikasi turizm vaziri Aldar Dorjiyev Rossiyaning ushbu hududi turizm sanoati vakillari va ularning barcha sohalardagi o'zbekistonlik sheriklari o'rtasida yaqinroq aloqalarni o'rnatish muhimligini ta'kidladi.
"Baykal" turistik axborot markazi direktori Aryuna Mantatova Buryatiya turoperatorlarining O'zbekistonga, ayniqsa, mamlakatimizdagi buddizm tarixi bilan bog'liq turlar, shuningdek, tog', tarixiy va gastronomik turizmni tashkil etishga qiziqishiga e'tibor qaratdi.
O'zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov 2025-yil sentyabr oyida Buryatiyaning yetakchi turoperatorlari uchun O'zbekistonga info-tur tashkil etishni taklif qildi.
Shuningdek, O'zbekistonning Markaziy Osiyoning sayyohlik markazi sifatidagi mavqei ortib borayotgani va xorijiy sayyohlarga taklif etilayotgan xizmatlar haqida ta'kidlandi.
O'zbekiston Turizm qo'mitasi vakillari respublikaning sayyohlik salohiyati to'g'risida alohida taqdimot o'tkazishdi. Buryatiya turizm sohasi vakillarining mamlakatimizda o'tkazilayotgan yirik turizm tadbirlarida, xususan, joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan "Ipak yo'lida turizm" 30-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etishining muhimligi ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunida Bosh konsulxona tomonidan O'zbekistonga tashkil etiladigan info-turda ishtirok etish istagida bo'lgan Buryatiyaning yetakchi turoperatorlari ro'yxatini shakllantirish to'g'risida kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi
Polshaning Reda shahrida o‘zbek turizm sohasi eʼtirof qilindi