Seul shahrida O'zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan koreys tilidagi qo'llanmaning taqdimoti bo'lib o'tdi
Iyul 03, 2024. 17:46 • 3 daq
• 192
SEUL, 3-iyul. /"Dunyo"AA/. Yurtimizga xorijiy turistlarni jalb etish va ularga qulaylik yaratish maqsadida O'zbekiston elchixonasi tomonidan "Travel Book" nashriyoti bilan birgalikda sayyohlar uchun mamlakatimiz turistik imkoniyatiga bag'ishlab yaratilgan qo'llanmaning taqdimoti o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Taqdimotda "Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo" hamkorlik forumi kotibiyati va Janubiy Koreyada akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, turoperatorlar va OAV vakillari qatnashdi.
Tadbir doirasida O'zbekistonning sayyohlik salohiyati, mamlakatimiz hududidagi qadimiy yodgorliklar, YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan shahar va obyektlar haqida batafsil ma'lumotlar berildi. Bundan tashqari, so'nggi yillarda dam olish, sport, ziyorat, sog'lomlashtirish va turizmning boshqa turlari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma'lumot berildi.
"Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo" hamkorlik forumi kotibiyati ijrochi direktori Li Chong Guk chop etilgan sayyohlik qo'llanmasini yuqori baholab, O'zbekiston tarixiy shaharlari, qadimiy obidalari, go'zal tabiat manzaralari va o'zbek xalqining samimiy mehmondo'stligi bilan butun dunyodan sayyohlarni faol jalb qilayotganini ta'kidladi.
"Travel Book" nashriyoti sayyoh-jurnalisti So Pyong Yong tomonidan ishtirokchilar uchun mazkur qo'llanma afzalligi va O'zbekistonning turizm salohiyati to'g'risida alohida taqdimot o'tkazdi.
Ushbu qo'llanma koreys tilida so'zlashuvchi sayyohlarga O'zbekistonning mashhur turizm maskanlari, tarixiy obidalari, ekologik, madaniy, gastronomik, sport va boshqa turdagi yangi turizm yo'nalishlari haqida batafsil ma'lumot olish imkonini berishi qayd etildi.
Qo'llanma koreys tilida 200 ming nusxada nashr etildi va internet magazin hamda mamlakatning engi yirik "Kyobo Book Centre" kitob do'konida sotuvga qo'yilgan.
So Pyong Yong taqdimoti davomida qo'llanma loyihasini ishlab chiqishi davomida e'tiborini tortgan O'zbekistonning tarixiy obidalarining jozibador arxitekturasi va o'zbek xalqining mehmondo'stligiga alohida urg'u berib o'tdi.
"Shu bilan birga ushbu qo'llanma O'zbekistonga sayohatni rejalashtirayotgan turistlar uchun ko'p savollarga javob topish hamda safarni tashkillashtirishga yordam beradi", dedi sayyoh-jurnalist.
"Yonhap News Agency" agentligi jurnalisti Song Do Xyonning qayd etishicha, mazkur qo'llanma janubiy koreyalik sayyohlarga yurtimizning turistik jozibadorligi haqida ma'lumot berish bilan birga ularning xabardorligini oshiradi, qolaversa, Janubiy Koreyadan O'zbekistonga tashrif buyuradigan sayyohlar sonining ko'payishiga xizmat qiladi.
"Janubiy Koreya aholisida O'zbekistonga, ayniqsa, Jahon madaniy turizm poytaxti – Samarqand shahrini, shuningdek, YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Buxoro va Xiva shaharlarining qadimiy yodgorliklarini ko'rishga hamda Surxondaryo – qadimgi buddaviylik sivilizatsiyasining madaniy markazini ziyorat qilishga qiziqish katta", dedi "Avia Tour" sayyohlik kompaniyasi rahbari Xo Chin.
"Travel Book" Janubiy Koreyaning turizm sohasidagi yetakchi nashrlaridan biri bo'lib, o'zining ishonchli va aniq ma'lumotlari bilan o'quvchilar e'tiborini qozongan. Bugunga qadar ushbu nashriyot tomonidan Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika davlatlariga bag'ishlangan 80 dan ortiq sayyohlik qo'llanmalari chop etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi
Polshaning Reda shahrida o‘zbek turizm sohasi eʼtirof qilindi
Nemis ekspertlari O‘zbekistondagi turizm imkoniyatlarini yuqori baholadi
Goada O‘zbekiston turistik salohiyati va milliy modasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi