O'zbekiston sayyohlik salohiyati Kuvaytda keng targ'ib etiladi
May 29, 2025. 16:36 • 2 daq
• 51
KUVAYT, 29-may. /"Dunyo" AA/. Yurtimizning Kuvaytdagi elchixonasida O'zbekistonning turistik salohiyatiga bag'ishlangan davra suhbati o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekistonning Kuvaytdagi turizm elchisi, mashhur bloger Abdulkarim al-Hindal, "Unique Travel" kompaniyasi ijrochi direktori Suad al-Mahri, "ITL World Travel Management Co." kompaniyasi menejeri Manavar ash-Shammari va "Al Anwar VIP Travel & Tourism Co." kompaniyasi menejeri Ali Isa ishtirok etdi.
Muloqot davomida yig'ilganlarga O'zbekistonda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan tizimli choralar, xorijiy sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar, zamonaviy mehmonxonalar hamda yangi sayyohlik yo'nalishlari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Shuningdek, mamlakatimiz hududidagi ko'plab tarixiy obidalarning YUNESKO Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgani, O'zbekiston tabiatining go'zalligi, yurtimizning ko'p asrlik hunarmandchilik an'analari va urf-odatlari alohida urg'ulandi. Respublikaning tarixiy shaharlari madaniy diplomatiya va turizm markaziga aylanib borayotgani, xususan, 2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqand shahrida o'tkazilishi ta'kidlandi.
Bundan tashqari, yuzga yaqin xorijiy davlatlar fuqarolari uchun O'zbekistonga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani, jumladan, 1-iyundan boshlab Kuvayt fuqarolari uchun ham yurtimizga kirish bo'yicha 30 kunlik vizasiz tartib joriy etilayotgani ma'lum qilindi.
Kuvayt vakillari o'z chiqishlarida mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik xorijiy sayyohlarning emin-erkin O'zbekistonning tarixiy shaharlarini ziyorat qilishi uchun ajoyib imkoniyat yaratayotganini ta'kidladilar.
Uchrashuv yakunida O'zbekistonga kuvaytlik sayyohlar oqimini yana-da oshirish bo'yicha birgalikdagi ishlarni kuchaytirish to'g'risida kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi