Logo

O'zbekiston va Pokiston turizm sohasidagi hamkorlikni jadallashtirishga qaratilgan yangi loyihalarni kelishib oldi

Iyul 30, 2025. 09:54 • 2 daq

95
O'zbekiston va Pokiston turizm sohasidagi hamkorlikni jadallashtirishga qaratilgan yangi loyihalarni kelishib oldi

ISLOMOBOD, 30-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi raisi Aftab ur-Rehman Rana bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o'zaro sayyohlar oqimini oshirish, soha uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, turizm sanoati vakillari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Qo'shma dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali soha rivojiga hissa qo'shish yuzasidan fikr almashildi.

Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi raisi O'zbekistonning turizm sohasida amalga oshirayotgan tizimli va izchil islohotlarini yuqori baholab, mamlakatimizning ushbu yo'nalishdagi tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

Ta'lim va kasbiy tayyorgarlik sohasida, jumladan turizm yo'nalishidagi oliy ta'lim muassasalari o'rtasida manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, o'zaro ta'lim grantlari ajratish, talabalar va mutaxassislar almashinuvini yo'lga qo'yish ushbu tarmoqni yanada rivojlantirish, istiqbolda ikki mamlakat iqtisodiyotida uning ulushini oshirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

– Pokistonning turizm va mehmonxona boshqaruvi sohasidagi yetakchi ta'lim muassasalaridan biri – "College of Tourism & Hotel Management" O'zbekiston tomoni bilan hamkorlikka tayyor, – dedi rais Aftab ur-Rehman Rana. – Shuningdek, "Uzbekistan Airways" tomonidan Toshkentdan Lahor va Islomobod shaharlariga yo'lga qo'yilgan to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar pokistonlik sayyohlar uchun ko'plab qulayliklar yaratmoqda.

Bundan tashqari, tomonlar mutasaddi vazirlik va idoralar o'rtasida bevosita muloqotni yo'lga qo'yish, ikki mamlakat fuqarolariga viza rasmiylashtirish jarayonlarini yanada soddalashtirish, ushbu jarayonga zamonaviy xalqaro standartlarining joriy qilish mexanizmlarini muvofiqlashtirish borasidagi takliflarni ko'rib chiqdilar.

Muzokaralar natijasida avgust oyida O'zbekiston va Pokistonning turizmga mas'ul tashkilotlari, turoperatorlar uyushmalari hamda ishbilarmon doiralar ishtirokida onlayn turizm forumini o'tkazish, yangi ziyorat turizmi marshrutlarini ishlab chiqish, ikki mamlakatning turizm salohiyatini targ'ib qiluvchi teledasturlar suratga olish, sohaviy oliy ta'lim muassasalari o'rtasida anglashuv memorandumlarini imzolashga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish