Yaqin Sharq turizm bozorida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bo'lgan qiziqish keskin oshgan
May 04, 2025. 11:17 • 2 daq
• 99
ABU-DABI, 4-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston delegatsiyasi shu yilning 28-aprel – 1-may kunlari BAAning Dubay shahrida bo'lib o'tgan "Arabian Travel Market-2025" xalqaro turizm ko'rgazmasida qatnashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Turizm qo'mitasi, "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi, yetakchi mahalliy sayyohlik kompaniyalari hamda Xorazm va Andijon viloyatlari vakillari tomonidan ko'rgazma maydonida O'zbekiston milliy stendi tashkil qilindi.
O'zbekiston stendiga tashrif buyurganlar mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, tabiati, gastronomik yo'nalishlari, ziyorat, tibbiy, MICE va ekoturizm imkoniyatlari bilan tanishdilar.
"ATM 2025" doirasida turli davlatlarning turizm sohasi vakillari va salohiyatli sheriklar bilan B2B va G2B shaklidagi uchrashuvlar o'tkazildi. Bo'lib o'tgan muzokaralar natijasida mamlakatimizga sayyohlar oqimini oshirish, kadrlar tayyorlash, yurtimiz turizm salohiyatini ustuvor bozorlarda keng targ'ib qilish bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Tadbirda ishtirok etgan mahalliy biznes vakillari e'tirofiga ko'ra, O'zbekiston turizm salohiyatiga, yurtimiz bilan hamkorlikka Yaqin Sharq mintaqasidagi soha vakillari o'rtasida qiziqish avvalgi yillarga nisbatan keskin ortgan, arab dunyosi uchun O'zbekiston yo'nalishi yangi salohiyatli bozor sifatida ko'rilmoqda.
Ko'rgazma sahnasida O'zbekiston san'atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy va qo'shiqlar barchaga o'zgacha taassurot qoldirdi.
"ATM 2025" – bu global sayyohlik sanoati vakillari, xususan, turistik kompaniyalar, mehmonxonalar, aviakompaniyalar va milliy turizm tashkilotlari uchun mintaqadagi eng yirik ko'rgazma hisoblanadi. Har yili 150 dan ortiq mamlakatdan 2 800 dan ziyod tashkilot va 40 mingga yaqin ishtirokchilarni jalb etuvchi mazkur tadbir Yaqin Sharq turizm bozorining strategik rivojlanish yo'nalishlarini belgilashda muhim o'rin tutadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Chexiyada o‘zbek madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi