O'zbek milliy taomlari Fransiyaning gastronomik poytaxtida bo'lib o'tgan xalqaro ko'rgazma ishtirokchilari va mehmonlarida katta taassurot qoldirdi

Yanvar 29, 2025. 10:44 • 5 daq

311
O'zbek milliy taomlari Fransiyaning gastronomik poytaxtida bo'lib o'tgan xalqaro ko'rgazma ishtirokchilari va mehmonlarida katta taassurot qoldirdi

LION, 29-yanvar. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 23-27-yanvar kunlari Fransiyaning Lion shahridagi "EUREXPO" ko'rgazmalar markazida "SIRHA – 2025" xalqaro gastronomik ko'rgazmasi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xalqaro "SIRHA" ko'rgazmasi 1983-yildan beri Lionda har ikki yilda o'tkazib kelinmoqda. U haqli ravishda Yevropadagi restoran va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun tovarlar hamda jihozlarning eng yirik ixtisoslashtirilgan ko'rgazmalaridan biri sifatida e'tirof etiladi.

Lion shahrining o'zi Fransiyaning gastronomik poytaxti sifatida nom qozongan.

"SIRHA" ko'rgazmasida bu yil ilk bor O'zbekiston Turizm qo'mitasi vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi. O'zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko'magida milliy stend tashkil etildi. Unda yurtimizning sayyohlik va gastronomik salohiyati keng namoyish etildi.

Ushbu yirik gastronomik tadbir doirasida O'zbekiston elchisi Nodir G'aniyev va Overn-Rona-Alpi hududiy kengashi prezidenti Fabris Pannekuk va boshqa hududlar hokimliklari vakillari o'rtasida uchrashuvlar bo'lib o'tdi. Ularda Fransiya hududlari va O'zbekiston o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.

O'zbekiston delegatsiyasi "SIRHA – 2025" ko'rgazmasida o'zining boy milliy taomlari va gastronomik merosini munosib taqdim etdi. Ko'rgazmada ishtirok etishdan asosiy maqsad O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng targ'ib qilish, mamlakatimizning gastronomik an'analarini namoyish etish, shuningdek, Fransiya va Yevropadan kelayotgan sayyohlar sonini ko'paytirishdan iborat bo'ldi.

O'zbekiston delegatsiyasining asosiy hamkori "World Association of Chefs Societies" tashkiloti bo'ldi.

Shu bilan birga, milliy non mahsulotlari, ho'l va quritilgan mevalar bilan bezatilgan mamlakatimiz stendi birinchi kundanoq ko'rgazma mehmonlarining e'tiborini tortdi. Ko'rgazma davomida oshpazlarimiz tomonidan turli taomlar, jumladan, palov, somsa, qovurilgan chuchvara va boshqa milliy o'zbek taomlari tayyorlandi. Shuningdek, ularni tayyorlash retseptlari haqida so'zlab berildi.

Lionda tayyorlangan o'zbek palovi nafaqat ta'mi, balki tayyorlash jarayoni bilan ham katta qiziqish uyg'otdi. Palov tayyorlash san'ati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi va gastronomiya sohasidagi xalqaro mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.

Shu bilan birga, O'zbekiston milliy stendi mehmonlariga mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot berildi, yurtimiz bilan yaqindan tanishish imkonini beruvchi maxsus esdalik sovg'alari taqdim etildi.

Festival mehmonlari o'zbek xalqining boy madaniyati va mehmondo'stligini yuqori baholadi. Ular, shuningdek, O'zbekistonni gastronomik turizm uchun istiqbolli manzil sifatida e'tirof etishdi va mamlakatimizga tashrif buyurish istagini bildirishdi. O'zbekiston delegatsiyasining Lion shahrida bo'lib o'tgan "SIRHA – 2025" ko'rgazmasida ishtirok etishi mamlakatimizda gastronomik turizmni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishda muhim qadam bo'ldi.

Ta'kidlash kerakki, yurtimiz delegatsiyaning ushbu ko'rgazmada ishtirok etishi uchun moddiy-texnik masalalarni hal etishda "Maslahat kengashi" xotin-qizlar kengashi raisi, "Bahor" brendi asoschisi, Lion shahrida yashovchi hamyurtimiz Navbahor Xoniyozova yaqindan ko'maklashdi.

Jeremi Tiyen, Overn-Rona-Alpi hududi bo'yicha maslahatchi:

– Hududiy maslahatchi va Overn-Rona-Alpi gurmanlar assotsiatsiyasiprezidenti sifatida "SIRHA – 2025" xalqaro ko'rgazmasida O'zbekiston delegatsiyasini qutlash menga katta mamnuniyat bag'ishlaydi. Bugun O'zbekistonning Fransiyadagi elchisi bilan ham qiziqarli uchrashuv o'tkazdim. Bu bizning hamkorligimizni muhokama qilish uchun birinchi imkoniyat edi, biz kelajakdagi ishlar uchun poydevor qo'yishga muvaffaq bo'ldik, chunki Overn-Rona-Alpi hududi qishloq xo'jaligi bo'yicha yetakchi sanaladi.

O'zbekiston elchisi menga mamlakatingizning qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat sohasiga bo'lgan ehtiyoji haqida so'zlab berdi. O'ylaymanki, biz qo'shma tadbirlar o'tkazish, shuningdek, O'zbekiston ehtiyojlarini yaxshiroq aniqlash va qondirish uchun avvalo O'zbekiston korxonalarining hududimizga tashrifini tashkil etish orqali kelgusi ishimizni rejalashtirishimiz mumkin. Umid qilamanki, biz yaqin fursatlarda O'zbekiston bilan hamkorlikni chuqurlashtirish va biznes hajmini oshirishga erishamiz.

Ragnar Fridriksson, "World Association of Chefs Societies" boshqaruvchi direktori:

– "SIRHA 2025" xalqaro ko'rgazmasi doirasida "WorldChef Village" pavilyonini tashkil etdik. Pavilyonda o'z gastronomiyasi, madaniyatini targ'ib qilish, mazali taomlar tayyorlash, yurtingizda yetishtirilayotgan ajoyib mahsulotlarni namoyish etish maqsadida kelgan O'zbekiston Turizm qo'mitasi vakillari ishtirok etganidan juda xursandmiz. Biz o'zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlik aloqalarini o'ratishga tayyormiz. Shuningdek, yaqin kelajakda O'zbekistonga tashrif buyurib, yangi aloqalarni o'rnatishga umid qilamiz.

 Ko'rgazma davomida pavilyon mehmonlari o'zbek oshxonasining an'anaviy taomlarini, birinchi navbatda, takrorlanmas ta'mga ega palovni tatib ko'rish imkoniga ega bo'ldilar. O'zbekiston milliy taomlari juda xilma-xil, chunki yurtingiz Buyuk ipak yo'lining markazida joylashgani uchun sizda juda ko'p mazali taomlar bor. O'zbekistonlik oshpazlar Lionga kelib, mamlakatingizning pazandalik san'ati nechog'li boy ekanini butun dunyoga namoyish etganidan juda xursandmiz, bu biz uchun katta sharaf.

Sherzod Sultonov, O'zbekiston Turizm qo'mitasi marketing bo'limi mas'ul xodimi:

– Hozirgi kunda Turizm qo'mitasi tomonidan Yevropa mamlakatlarida, xususan, Fransiyada O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng targ'ib etishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston delegatsiyasining Fransiyadagi elchixonasi va Butunjahon oshpazlar jamiyati ko'magida Lion shahrida bo'lib o'tgan xalqaro ko'rgazmada ishtirok etishi ana shunday loyihalardan biri bo'ldi. Mazkur tadbirda ishtirok etishimizdan asosiy maqsadlar Fransiyadan O'zbekistonga sayyohlar oqimini oshirishdan iborat. Ko'rgazma davomida fransuz jamoatchiligi vakillarining mamlakatimizga bo'lgan qiziqishi yuqori ekanligining shohidi bo'ldik.

 Mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini xorijda keng targ'ib qilish bo'yicha xorijiy hamkorlar bilan ham kelishuvlarga erishdik.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish