Shenchjen shahrida "Xitoyda O'zbekiston turizm yili" dasturi doirasida roud-shou tadbiri tashkil etildi
Iyun 24, 2025. 18:48 • 2 daq
• 49
SHENCHJEN, 24-iyun. /"Dunyo" AA/. Xitoyning Shenchjen shahrida O'zbekistonning turizm salohiyatiga bag'ishlangan roud-shou tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir O'zbekiston Turizm qo'mitasi va mamlakatimizning Guanchjou shahridagi Bosh konsulxona tomonidan tashkil etildi.
"Xitoyda O'zbekiston turizm yili" dasturi doirasida o'tkazilgan taqdimot marosimida Shenchjen shahar tashqi ishlar, madaniyat va turizm departament rahbarlari, yirik sayyohlik kompaniyalari, soha mutaxassislari, OAV vakillari, blogerlar, shuningdek, yurtimizning Toshkent va Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog'istondan tashrif buyurgan kompaniyalar xodimlari ishtirok etishdi.
Taqdimotlarda yurtimizning tarixiy shaharlari, ulardagi qadimiy obidalar, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar, taklif etilayotgan yangi sayyohlik yo'nalishlari hamda hududlarda tashkil etilayotgan xalqaro festival va ko'rgazmalar haqida batafsil ma'lumot berildi.
O'zbekiston san'at ustalari tomonidan ijro etilgan o'zbek milliy qo'shiqlari va raqslari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Lyu Tao, "Zhao Cai Cat International Tourism" kompaniyasi prezidenti:
– O'zbekistonning me'moriy obidalari, urf-odatlari hamda madaniy, ekologik, gastronomik turizm yo'nalishlari xitoylik sayyohlarda yanada ko'proq qiziqish uyg'otmoqda. Bugungi tadbirdan maqsadimiz yangi hamkorlik aloqalarini o'rnatish, sayyohlar oqimini ko'paytirishga qaratilgan marketing kampaniyalarini faollashtirishdir.
Eva Chen, "U-Shine" kompaniyasi bosh menejeri:
– Tadbir juda muvaffaqiyatli o'tdi. O'tkazilgan taqdimotlar menga O'zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, milliy an'analarini yaxshiroq tushunishimga xizmat qildi. Xususan, Qoraqalpog'istonning noyob turizm imkoniyatlari to'g'risidagi ma'lumotlar menda alohida qiziqish uyg'otdi. Ishonchim komil, bu kabi tadbirlar xalqlarimiz o'rtasidagi o'zaro almashinuvlarni rivojlanishiga katta hissa qo'shadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi