Logo

O'zbekiston va Pokiston ikki mamlakat tahlil markazlari o'rtasidagi aloqalarni jadallashtirish masalalarini muhokama qilmoqda

Iyun 07, 2025. 14:23 • 2 daq

117
O'zbekiston va Pokiston ikki mamlakat tahlil markazlari o'rtasidagi aloqalarni jadallashtirish masalalarini muhokama qilmoqda

ISLOMOBOD, 7-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston Senati a'zosi, mamlakatning sobiq muvaqqat bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat avvalida Anvar ul-Haq Kakar muvaqqat bosh vaziri chog'ida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan xalqaro tadbirlar doirasida Toshkent va Nyu-York shaharlarida o'tkazilgan uchrashuvlarini iliq esga oldi. U mintaqaviy va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va yana-da rivojlantirish borasidagi oliy darajadagi tashabbuslarni faol hayotga tatbiq etish zarurligini qayd etdi.


Shuningdek, senator ikki davlat o'rtasidagi strategik sheriklikni yana-da rivojlantirish muhimligini ta'kidlab, Pokiston O'zbekistonni Markaziy Osiyodagi ishonchli va yaqin hamkor sifatida ko'rishini, barcha sohalardagi o'zaro hamkorlikni jadal kengaytirishga tayyor ekanligini yana bir bor tasdiqladi.


– Hozirgi kunda "Iqtisodiy siyosat va biznesni rivojlantirish" mustaqil tahliliy markaziga ham rahbarlik qilayotganim uchun mazkur tuzilma doirasida O'zbekiston tadqiqot markazlari bilan yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yishni taklif qilaman. Shu maqsadda yaqin kelajakda O'zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtiryapman, – dedi u.


Global voqelikni inobatga olgan holda, birgalikda tahlil, infratuzilma va investitsiya loyihalarini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmini, jumladan turli mintaqalarning institutsional markazlarini o'z ichiga oluvchi ko'p tomonlama tahliliy platformani yaratish tashabbusi ham atroflicha muhokama qilindi.


Transafg'on temir yo'li loyihasi istiqbollari, ushbu infratuzilma tashabbusi Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining geoiqtisodiy ahamiyatini tubdan o'zgartirishi ta'kidlandi. Loyihani tez fursatlarda qurib, ishga tushirish uchun jarayonga xorijiy sheriklar va investorlarni jalb qilishning muhimligi qayd etildi.


Uchrashuv yakunida Pokiston Senati a'zosi Anvar ul-Haq Kakar Qurbon hayiti munosabati O'zbekiston xalqi va rahbariyatiga o'zining ezgu tilaklarini va samimiy tabriklarini yo'lladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish