Logo

Britaniya yuridik kompaniyasi Londonda tashkil etiladigan "O'zbekiston huquq kuni" biznes-forumini tashkil etishda ko'maklashadi

Iyun 01, 2025. 13:56 • 2 daq

138
Britaniya yuridik kompaniyasi Londonda tashkil etiladigan "O'zbekiston huquq kuni" biznes-forumini tashkil etishda ko'maklashadi

LONDON, 1-iyunya. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyaning "Albertson Solicitors" xalqaro yuridik kompaniyasi boshqaruvchi hamkori Nagi Idris bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

2021-yilda tashkil etilgan "Albertson Solicitors"ning bosh qarorgohi Londonda bo'lib, kompaniya xususiy shaxslar, korporativ mijozlar va davlatlar uchun yuqori sifatli huquqiy xizmatlarni taqdim etadi.

Kompaniya Yevropa, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Afrika mintaqalarida xalqaro huquqiy masalalarga ixtisoslashgan va tajribali mutaxassislar jamoasiga ega.

Suhbat davomida Nagi Idris O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli iqtisodiy islohotlarni, xususan, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay va shaffof huquqiy muhitni yuqori baholadi. Uning ta'kidlashicha, so'nggi yillarda mamlakatimizdagi investitsion muhitni yaxshilash, xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash va sud-huquq tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg'otmoqda.

Shu munosabat bilan, "Albertson Solicitors" kompaniyasi O'zbekistondagi iqtisodiy va huquqiy jarayonlarda ishtirok etish, qonunchilikni takomillashtirish va chet el sarmoyadorlariga maslahat xizmatlari ko'rsatish orqali mamlakatning xalqaro nufuzini yana-da oshirishga o'z hissasini qo'shishga tayyor ekanini bildirdi.

"Albertson Solicitors" kompaniyasi bilan hamkorlikda Buyuk Britaniyada O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati va investitsiyaviy imkoniyatlari, mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik jarayonlarni yana-da keng targ'ib qilish bo'yicha qo'shma tadbirlar o'tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Xususan, "Albertson Solicitors" kompaniyasi shu yil 26-iyun kuni Londonda "O'zbekiston huquq kuni" (Uzbek Law Day) biznes-forumini tashkil etishda amaliy ko'mak ko'rsatishga tayyorligini bildirdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish