Islomobodda O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Noyabr 03, 2025. 15:57 • 2 daq
• 44
ISLOMOBOD, 3-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston savdo vaziri o'rinbosari Mari Kazi bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat davomida ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, o'zaro tovar aylanmasini oshirish, investitsiya va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, bank-moliya munosabatlarini takomillashtirish, shuningdek transport va logistika sohalaridagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Ikki tomonlama savdo hajmini yana-da oshirish va transport-logistika masalalarini optimallashtirish, ushbu jarayonning barqaror ishlashini ta'minlash borasidagi amaliy choralar va takliflar ko'rib chiqildi.
Oliy darajali uchrashuv chog'ida kelishilganidek, o'zaro savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish borasidagi vazifalar, Imtiyozli savdo to'g'risidagi bitim doirasidagi mahsulotlar ro'yxatini kengaytirish mexanizmlari muvofiqlashtirildi.
Sohaviy idoralar o'rtasida o'tkazilayotgan onlayn uchrashuvlar formati samaradorligi masalasi ham ko'ri chiqilib, fitosanitar sohasidagi hamkorlik samarali yo'lga qo'yilgani, farmatsevtika, elektrotexnika va sanoat uskunalari yo'nalishlaridagi muloqotlarni faollashtirish zarurligi ta'kidlandi.
Shuningdek, sanoatning ayrim sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun ishlab chiqarish standartlari va sertifikatlash tizimlarini o'zaro tan olish, mahsulotlarning to'g'ridan-to'g'ri yetkazib berilishini yo'lga qo'yish hamda qo'shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish kerakligi qayd etildi.
Bank-moliya yo'nalishidagi aloqalarni kengaytirish, ikki davlat o'rtasida bevosita moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish tizimini shakllantirish, energetika va geologiya sohalaridagi hamkorlikni jadallashtirish, hududlararo hamkorlikni kuchaytirish va "O'zbekiston-Pokiston hududlararo forumi"ni o'tkazish bo'yicha ham fikr almashildi.
Uchrashuvda mintaqaviy integratsiya loyihalari, jumladan Transafg'on temir yo'lini bunyod etishga oid masalalarga e'tibor qaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
Polshadagi agentlik Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochmoqchi
Gujranvala shahrida O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi