Logo

Italiyalik dizaynerlar O'zbekiston to'qimachilik sanoatiga jalb qilinadi

Mart 10, 2024. 14:33 • 2 daq

116
Italiyalik dizaynerlar O'zbekiston to'qimachilik sanoatiga jalb qilinadi

RIM, 10-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning Yevropa dizayn instituti (Istituto Europeo di Design) rahbariyati bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda institut koordinatori Paola Pattachini va maxsus loyihalar bo'yicha hamkorlik bo'limi boshlig'i Selena Mezoraka qatnashdi.

Tekstil dizayni sohasida qirq yillik tajribaga ega bo'lgan Paolo Pattachini O'zbekistonda mazkur tarmoqda erishilayotgan yutuqlar va rivojlanish sur'atlari bilan yaqindan tanish ekanligini ta'kidladi.

Italiyalik mutaxassislar joriy yilning 15-fevral kuni O'zbekiston Prezidentining Andijon viloyatiga tashrifi mobaynida Dizaynerlar va texnologlar maktabini tashkil etish bo'yicha bildirilgan tashabbusini katta qiziqish bilan qabul qildi. Ular maktabga Italiyadan kiyim-kechak, maishiy tekstil va sanoat mahsulotlari bo'yicha yuqori tajribali dizaynerlarni jalb qilish yuzasidan taklifni qo'llab-quvvatladilar.

Italiya tomon bilan Yevropa dizayn instituti mutaxassislarini O'zbekistondagi yangi Dizaynerlar va texnologlar maktabiga ishga yuborish va Andijon viloyati korxonalariga bozorda yuqori talabga ega tayyor mahsulotlar dizaynini ishlab chiqishda professional tarzda ko'maklashish to'g'risida kelishib olindi.

Yevropa dizayn instituti Italiyaning eng nufuzli oliy ta'lim muassasalari qatorida munosib o'rinni egallaydi. 1996-yilda ta'sis etilgan va hozirgi kunda Italiya, Ispaniya va Braziliyada bo'linmalariga ega. Institutda tasviriy san'at, kommunikatsiya, moda va restavratsiya yo'nalishlarida ta'lim beriladi. Shuningdek, ushbu yo'nalishlarni qamrab oladigan 60 ta ixtisoslashgan o'quv kurslarini yo'lga qo'ygan.

Oliy ta'lim muassasasida bugungi kunda 120 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Institut bitiruvchilari jahondagi mashhur "Moschino", "Dolce&Gabbana", "Gianfranco Ferré", "Dior" kabi atelyelarga dizayner sifatida faoliyat yuritadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish