Tailandning eng qadimiy universitetida O‘zbekiston madaniyati va milliy merosiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
Noyabr 05, 2026. 14:00 • 2 daq
• 215BANGKOK, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. Tailandning Tammasat universitetida O‘zbekistonning madaniyati va milliy merosiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Bosh konsuli Faxriddin Sultonov nutq so‘zladi. U bunday tadbirlar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, tay yoshlarining mintaqa, uning tarixi, madaniyati va an’analari haqidagi bilimlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
“Yevroosiyo – xalqlar chorrahasi” nomli tadbir doirasida ishtirokchilar mintaqa haqidagi nazariy bilimlarini mustahkamladilar va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar. Shuningdek, San’at fakulteti dekani, professor Sisirat Na Ranong bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U universitet talabalarining o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan alohida qiziqishini qayd etdi.
Shuningdek, San’at fakultetida “O‘zbekiston: kino, suhbat va Markaziy Osiyo ta’mlari” mavzusida tadbir tashkil etildi. Unda Tailandda istiqomat qilayotgan vatandoshimiz, “Rajabhat Valaya Alongkorn University Demonstration School” katta o‘qituvchisi Baxtiyor Karimov talabalar va o‘qituvchilarga O‘zbekistonning milliy, madaniy qadriyatlari hamda urf-odatlari haqida batafsil so‘zlab berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


