Logo

Janubiy Koreyaning Vuson universiteti va O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari o'rtasida hamkorlik aloqalari kengaytiriladi

Oktabr 09, 2024. 16:38 • 2 daq

164
Janubiy Koreyaning Vuson universiteti va O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari o'rtasida hamkorlik aloqalari kengaytiriladi

SEUL, 9-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Janubiy Koreyaning Vuson universiteti Xalqaro maktabi ijrochi dekani – "Endikot" xalqaro tadqiqotlar kolleji dekani Li Yu-Tek bilan muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda Vuson universitetining muhandislik sohasi yetakchi yo'nalishlardan biri ekanligini inobatga olib, O'zbekistonning muhandislik bo'yicha oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatish masalasi muhokama qilindi.

Shu bilan birga, mazkur oliy ta'lim muassasasi va Toshkentdagi Singapur xalqaro maktabi bilan ham o'quv dastur va o'quvchilar almashinuvi, o'qituvchilar malakasini oshirish, yozgi lagerlar va onlayn seminarlar o'tkazish bo'yicha o'zaro kelishuvga erishildi.

Vuson universitetida hozirgi kunda O'zbekistondan 200 dan ortiq talabalar turli yo'nalishlarda ta'lim oladi.

Vuson universiteti Janubiy Koreyaning Dejon shahrida joylashgan bo'lib1954-yildan beri u turli sohalarda bakalavriatdan aspiranturagacha bo'lgan o'quv dasturlarini taklif qiladi. Universitet amaliyot va nazariyaga asoslangan maxsus dasturlarni taqdim etadi va uning huzurida uchta xalqaro maktab – "SolBridge" xalqaro biznes, "Sol" xalqaro maktabi va "Endicott" xalqaro tadqiqotlar kolleji faoliyat yuritadi.

Xalqaro maktablar faqat ingliz tilida o'quv dasturlarni taklif qiladi. Vuson universiteti tashkil etilgandan buyon 30 dan ortiq davlatdagi universitet va maktablar bilan 100 dan ortiq anglashuv memorandumlari imzolangan. Ishlab chiqilgan metodika talabalar va o'qituvchilar almashinuvi dasturlari, qo'shma ilmiy tadqiqotlar, ikki tomonlama diplomlar, xorijda o'qish va boshqa dasturlarni o'z ichiga oladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish