O'zbekiston elchisi amaliy tashrif bilan Yaponiyaning Gifu prefekturasida bo'ldi
Aprel 01, 2024. 09:56 • 2 daq
• 264
TOKIO, 1-aprel. /"Dunyo" AA/. Elchi Muxsinxo'ja Abdurahmonov boshchiligidagi O'zbekiston diplomatik missiyasi vakillari amaliy tashrif bilan Yaponiyaning Gifu prefekturasiga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif doirasida Gifu prefekturasi gubernatori Xajime Furuta bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda hududlararo aloqalarni yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O'zbekiston Prezidentining 2019-yil Yaponiga amalga oshirgan rasmiy tashrifidan so'ng, ikki mamlakat hududlari o'rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini ta'kidlashdi.
Gifu prefekturasi gubernatoriga Namangan viloyati bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish taklifi bildirildi. Yapon tomoni ushbu taklifni iliq kutib oldi. Xajime Furuta gubernator sifatida dunyoning ko'plab mintaqalari bilan hududlararo aloqalarni yo'lga qo'yish va rivojlantirishga katta e'tibor qaratayotganini va shu asnoda Namangan viloyati bilan aloqalarni o'rnatishdan manfaatdor ekanini ma'lum qildi.
Uchrashuvda xalq ta'limi va oliy ta'lim muassasalari o'rtasida akademik hamkorlikni yo'lga qo'yish, xususan Gifu prefekturasidagi ta'lim muassasalarida o'zbekistonlik o'quvchi va talabalar uchun qisqa muddatli kurslarni tashkil qilish, shuningdek, yapon universitetlarida yurtimiz pedagoglari uchun malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqish to'g'risida kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida joriy yilda Xajime Furuta boshchiligida Gifu prefekturasi rasmiy delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifini ishlab chiqish to'g'risida ahdlashib olindi.
O'zbekiston vakillari, shuningdek, Seki shahri meri Kiyoshi Yamashita bilan ham muzokara o'tkazdilar. Muloqot chog'ida hududlararo aloqalarni yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.
Namangan viloyatining Chust tumani Markaziy Osiyoda ko'p asirlik tarixga ega bo'lgan pichoq sanoati markazlaridan biri ekanligi inobatga olinib, Seki shahari bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish taklifi bildirildi.
Kiyoshi Yamashita O'zbekistonning boy tarixi va madaniyati haqida ko'p eshitganini va yurtimiz hududlaridan biri bilan hamkorlik munosabatlarini o'rnatishga tayyorligini ta'kidladi. Merning aytishicha, Seki shahri nafaqat Yaponiya, balki dunyodagi eng yirik pichoq sanoati markazlaridan biri sanaladi. "Shaharda ko'plab taniqli brendlarning ishlab chiqarish korxonalari mavjud. Biroq, hozir kunda ushbu tarmoqda kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmqoda. Ushbu bo'shliqni to'ldirish uchun O'zbekistondan mehnat migrantlarini jalb qilishdan manfaatdormiz" dedi Kiyoshi Yamashita.
Uchrashuvdan so'ng, diplomatlar Seki shahridagi pichoq mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Oono Knife Mfg Co., Ltd." korxonasida bo'lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi