Logo

Agra shahrida O'zbekiston tibbiy ta'lim salohiyatining taqdimoti o'tkazildi

May 24, 2025. 07:31 • 2 daq

123
Agra shahrida O'zbekiston tibbiy ta'lim salohiyatining taqdimoti o'tkazildi

AGRA, 24-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi, Hindistonning "KlickEdu" va "Intermost Ventures" kompaniyalari hamkorligida Agra shahrida mamlakatimizning tibbiy ta'lim yo'nalishidagi salohiyati taqdim qilindi, deb xabar bermoqda"Dunyo" AA muxbiri.

Diplomatik missiya rahbari Sardor Rustamboyev mamlakatimizda so'nggi yillarda ta'lim tizimini rivojlantirish, yosh avlod vakillarining zamonaviy va raqobatbardosh kasblarni egallashi, ilg'or bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishi uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar haqida so'zlab berdi. Tibbiyot sohasini qo'llab-quvvatlash, aholiga yuqori darajadagi xizmatlar ko'rsatish, mazkur yo'nalishdagi oliy ta'lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish, talabalarga xalqaro andozalar darajasida bilim berish bo'yicha amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarga alohida e'tibor qaratildi.

Bugungi kunda Hindistonda tibbiyot tizimi izchil rivoj topib, doktorlik kasbiga bo'lgan talab va ehtiyoj yuqori hisoblanadi. Shu bois yoshlar o'rtasida ushbu mutaxassislikni egallashga bo'lgan intilish ham nihoyatda kuchli.

"KlickEdu" kompaniyasi hamta'sischisi Alakh Sharan Singh O'zbekiston tibbiyot institutlari va universitetlarida ta'lim olayotgan hind yigit-qizlarining safi izchil kengayib borayotganini ta'kidladi. Ayni paytda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon va boshqa shaharlardagi tibbiyot oliy bilim yurtlarida 7 mingdan ortiq hindistonlik talaba tahsil olayotgani ham ushbu fikrni tasdiqlaydi.

O'zbekiston ta'lim tizimidagi samarali islohotlar va mazkur yo'nalishda xalqaro hamkorlik uchun yaratilgan qulay sharoitlar ushbu ko'rsatkichni yildan yilga oshishiga xizmat qilmoqda.

Anjuman doirasida tashkil etilgan yarmarkada Andijon davlat tibbiyot instituti stendi ota-onalar va yoshlar bilan gavjum bo'ldi. O'zbekistonlik mutaxassislar oliy bilim yurtida yaratilgan imkoniyatlar, ta'lim olish shartlari, turar-joy sharoitlari va ularni qiziqtirgan boshqa savollarga batafsil javob berdi.

Taqdimot marosimi ishtirokchilari e'tiboriga mamlakatimiz tibbiy ta'lim tizimi salohiyatini ifoda etgan targ'ibot materiallari taqdim etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish