Logo

O'zbekiston va Pokiston OAV sohasida hamkorlikni kengaytiradi

Dekabr 19, 2024. 19:33 • 2 daq

89
O'zbekiston va Pokiston OAV sohasida hamkorlikni kengaytiradi

ISLOMOBOD, 19-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokistonning markaziy "Associated Press of Pakistan" (APP) axborot agentligi direktori Muhammad Asim Xichi bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida O'zbekiston va Pokiston ommaviy axborot vositalari o'rtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ikki mamlakat hududida tashkil etiladigan xalqaro tadbirlarni, iqtisodiy diplomatiya yo'nalishida amalga oshirilayotgan muhim dasturlarni keng yoritish masalalari muhokama qilindi.

"APP" rahbari 2023-yil iyul oyida bo'lib o'tgan muddatidan oldin O'zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etganini hamda safar davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo'lganini iliq esga oldi.

"O'zbekiston haqida ko'plab manbalardan o'qiganman. Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa buyuk o'zbek adiblarining asarlarini o'qish orqali muqaddas zaminingiz haqidagi tasavvurimiz shakllangan. O'tgan yilgi safarim chog'ida Bobur o'zining "Boburnoma" asarida tasvirlagan go'zal manzaralarni o'z ko'zim bilan ko'rdim. Shuningdek, O'zbekistonda ulkan o'zgarishlar, islohotlar jarayoni kechayotganiga guvoh bo'ldik", dedi Muhammad Asim Xichi.

Ikki davlatni va xalqlarimizni mushtarak tarix, boy madaniy meros, umumiy din va qadriyatlar birlashtirib turishi ta'kidlandi. Bu rishtalarni yana-da mustahkamlash, yosh avlodning bu boradagi xabardorligini oshirish maqsadida yetakchi axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari o'rtasida o'zaro aloqalarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi. Yaqin ijodiy rishtalarining o'rnatilishi mamlakatlarimiz hayotida kechayotgan o'zgarishlar haqida xolis va shaffof axborotlarning tarqalishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy yo'nalishdagi maqsadli ko'rsatkichlarga erishish, tovar aylanmasi hajmini yana-da oshirish, ikki davlatning mavjud salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish uchun biznes doira vakillarini ishonchli va batafsil axborot bilan ta'minlashning ahamiyati qayd etildi.

Mintaqaviy bog'liqlik tashabbusi doirasidagi loyihalar, jumladan Transafg'on temir yo'lining qurilishi Janubiy va Markaziy Osiyo geoiqtisodiy landshaftini yaxshilashi, ijtimoiy-iqtisodiy muhitni o'zgartirishi, istiqbolda yangi loyihalarni ishlab chiqishda mustahkam zamin bo'lishi alohida urg'ulandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish