O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi yurtimizdagi texnikumlarga maxsus kiyimlar va sport anjomlarini taqdim etdi

Noyabr 21, 2026. 11:00 • 2 daq

• 175
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi yurtimizdagi texnikumlarga maxsus kiyimlar va sport anjomlarini taqdim etdi

ISLOMOBOD, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimizdagi 9 ta kasb-hunar texnikumiga beg‘araz grant yordami yuborildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Grant ko‘magi doirasida Nukus va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, shuningdek, Mirishkor, Xonobod va Dang‘ara tumanlaridagi texnikumlarga maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari hamda turli sport anjomlari yetkazib berildi.

Mazkur loyiha yoshlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini zamon talablari asosida rivojlantirish, professional ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, o‘quvchilar uchun sifatli ta’lim olish va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Ta’kidlash joizki, elchixona va grant yordami ko‘rsatilgan texnikumlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu tashabbus ushbu hamkorlikning amaliy natijalaridan biri hisoblanadi.

Taqdim etilgan maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari o‘quvchilarning amaliy mashg‘ulotlari hamda ishlab chiqarish ta’limi jarayonlarini xavfsiz va samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, texnik va amaliy yo‘nalishlarda tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday vositalar mehnat xavfsizligi talablariga rioya qilish, turli ish jarayonlariga to‘g‘ri moslashish hamda kelgusida kasbiy faoliyatga tayyorgarlik ko‘rishda muhim o‘rin tutadi.

Texnikumlarga taqdim etilgan sport anjomlari esa o‘quvchilarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, sport mashg‘ulotlarini yanada samarali tashkil etish va yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, texnikumlar rahbariyati grant yordami doirasida taqdim etilgan maxsus kiyimlar va sport anjomlari o‘quvchilarning kasbiy mahoratlarini oshirish, tanlagan mutaxassisliklarini puxta egallash hamda sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun muhim imkoniyat yaratishini ta’kidladilar.

Diplomatik vakolatxona tomonidan ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni izchil rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni amalga oshirish, ta’lim sohasidagi innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish