O‘zbekiston va Yakutiya hamkorligining yangi yo‘nalishlari belgilab olindi
Noyabr 21, 2026. 12:30 • 3 daq
• 148YAKUTSK, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari Saxa Respublikasi (Yakutiya)ga xizmat safarini amalga oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yakutiya rahbari Aysen Nikolayev bilan uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni iqtisodiyot, turizm, madaniyat, sport va boshqa sohalarda kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Yakutiya rahbari O‘zbekiston bilan shakllangan do‘stona munosabatlarni yuqori baholab, ularni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda 2027-yil uchun O‘zbekiston hududlari va Yakutiya o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish taklif etildi. Yakutiya rahbarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, o‘zaro savdo aylanmasini oshirish va mahalliy mahsulotlar eksportini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yakutiya Savdo-sanoat palatasi rahbariyati, mahalliy korxonalar va tadbirkorlar bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning iqtisodiy va turistik salohiyati, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan maishiy texnika, to‘qimachilik, paxta va hunarmandchilik mahsulotlari taqdim etildi.
Muloqot doirasida Yakutiya ishbilarmon doiralari vakillarining 2027-yil may oyida O‘zbekistonga biznes-missiyasini uyushtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Safar davomida mehnat migratsiyasi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Yakutiyadagi “Pasport-viza xizmati” filiali rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, O‘zbekiston fuqarolariga patent va ro‘yxatdan o‘tish hujjatlarini rasmiylashtirishda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va mavjud muammolar muhokama qilindi. Tashkilotga murojaat qilgan vatandoshlarga huquqiy maslahatlar va zarur tushuntirishlar berildi.
Xorijiy fuqarolarning ijtimoiy va madaniy moslashuvi markazi faoliyati bilan ham tanishildi. Markaz bilan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun rus tili, migratsiya qonunchiligi va mehnat huquqlari bo‘yicha bepul o‘quv kurslari hamda profilaktik tadbirlarni tashkil etish yuzasidan kelishib olindi.
Yakutsk shahridagi “AYSMIL”, “RFA-Invest” va “Xottey” korxonalarida mehnat qilayotgan vatandoshlar hamda ish beruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda yurtdoshlarning mehnat va yashash sharoitlari, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi hamda mehnat huquqlariga rioya etilishi o‘rganildi.
Hamyurtlarimizga xavfsizlik qoidalari, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, migratsiya qonunchiligiga rioya etish va mamlakatimizda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ish beruvchilar bilan muzokaralar natijasida mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga O‘zbekiston fuqarolarini jalb qilish, Migratsiya agentligi va xususiy bandlik markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur xizmat safari O‘zbekiston va Yakutiya o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, eksport va biznes aloqalarini kengaytirish, xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




