AQSH poytaxtida «Rishton keramikasi: Markaziy Osiyo kulolchilik san'atining gavhari» nomli ko'rgazma va shou-rum ochildi
Yanvar 25, 2024. 15:39 • 3 daq
• 287
VASHINGTON, 25-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tomonidan Farg'ona viloyati Rishton tumani hokimligi bilan birgalikda Vashingtonda «Rishton keramikasi: Markaziy Osiyo kulolchilik san'atining gavhari» nomli ko'rgazma tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda amerikalik taniqli san'at arboblari, kolleksionerlar, yirik biznes, hukumat, siyosiy, akademik, ekspert va OAV vakillari hamda faol vatandoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, yuqori martabali mehmonlar - AQSH prezidentining maxsus yordamchisi Nikolas Berliner, ijtimoiy himoya va nogironlar bo'yicha maslahatchisi Sara Minkara, savdo vazirining birinchi o'rinbosari Marisa Lago va YUSAID rahbarining o'rinbosari Anjali Kaur va Kongress a'zolari vakillari qatnashdilar.
Ko'rgazmaning ochilishi marosimida nutq so'zlagan AQSH prezidentining maxsus yordamchisi Nikolas Berliner O'zbekiston asrlar davomida madaniyat va taraqqiyot markazi bo'lib kelganini, ushbu zaminda Rishton kulolchiligi kabi noyob san'at turlari shakllanganligini ta'kidladi.
Nikolas Berliner O'zbekistonda erishilayotgan ijobiy o'zgarishlarga alohida to'xtalar ekan, bugungi kunda respublikamiz mintaqaning iqtisodiy katalizatoriga aylanganini va Markaziy Osiyo barqaror kelajagi uchun mustahkam poydevor rolini bajarayotganini alohida urg'uladi.
«Hozirgi kunda O'zbekiston rahbariyati hamda nafis san'at muxlisi bo'lgan o'zbek xalqi ushbu qadimiy kulolchilik maktabini nafaqat avaylab asramoqda, balki uni jahon miqyosida tanitmoqda. Bunga yaqqol misol, bugungi ko'rgazmaning Vashingtonda o'tkazilishidir, - dedi AQSH prezidentining maxsus yordamchisi. - Qo'shma Shtatlar Yangi O'zbekistondagi barcha islohotlarni qo'llab-quvvatlashga sodiqdir. Biz Vashington va Toshkent o'rtasida o'zaro ishonch, hurmat va tenglikka asoslangan do'stlik aloqalarini bundan buyon ham mustahkamlashga, uning ko'lamini esa yana-da kengaytirishga tayyorligimizni bildiramiz».
Savdo vazirining birinchi o'rinbosari Marisa Lago o'z navbatida Amerika va O'zbekiston o'rtasida jadal taraqqiy etib borayotgan iqtisodiy munosabatlar rivojiga 2023 sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga bo'lib o'tgan tashrifi va uning doirasida erishilgan kelishuvlar katta turtki bo'lganini qayd etdi.
YUSAID administratori o'rinbosari Anjali Kaur o'z chiqishida, azaldan kulolchilik san'atiga qiziqishi sababli ushbu ko'rgazmani intiqlik bilan kutganini bildirdi.
«Go'zal va betakror Rishton kulolchiligi amerika jamoatchiligi uchun yangi yo'nalish bo'lganligi sababli unga qiziqish boshqa davlatlar san'atiga nisbatan ortib bormoqda. Misol tariqasida, O'zbekiston elchixonasida ochilgan ushbu ko'rgazma va uning doirasida o'tkazilayotgan master klasslar mamlakatimiz keng jamoatchilik orasida katta shov-shuvga sabab bo'ldi», - dedi u.
Tadbir doirasida, shuningdek, mamlakatimiz elchixonasi huzurida doimiy faoliyat ko'rsatadigan kulolchilik shou-rumi ham ochildi.
Ko'rgazma davomida bo'lib o'tgan ikki tomonlama muzokaralar yakunida Amerikaning «DIAMOND Inc.» kompaniyasi va Rishton shahridagi «Mingboshi Ceramic» MCHJ o'rtasida 5 million dollar miqdorida keramika mahsulotlarini xarid qilish hamda ushbu mamlakatning «ASU Trading LLC» va «Exclusive Ceramic of Rishtan» MCHJ o'rtasida AQSH Shtatlarida keramika mahsulotlarini sotish bo'yicha distribyutorlik shartnomalari imzolandi.
Shuningdek, Rishton tumani hokimligi, YUSAID va «Aleksandriya loy kooperativi» studiyasi o'rtasida AQSHda «Rishton kulolchilik maktabini» tashkil etish va amerikalik kulolchilik sohasi ixlosmandlarining Rishtonga safarini tashkil etish to'g'risida kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Buyuk Britaniyalik jurnalistga “Oltin qalam” milliy mukofoti topshirildi
O‘zbekiston va Pokiston xavfsizlik sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi