Logo

YUNESKOda Buyuk ipak yo'lining turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqotni rivojlantirishga qo'shgan hissasi muhokama qilindi

Iyun 13, 2025. 18:04 • 2 daq

163
YUNESKOda Buyuk ipak yo'lining turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqotni rivojlantirishga qo'shgan hissasi muhokama qilindi

PARIJ, 13-iyun. /"Dunyo" AA/. YUNESKO shtab-kvartirasida "Ipak yo'li bo'ylab kelajakka oid yoshlar muloqoti" mavzusida simpozium o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Anjuman O'zbekistonning mazkur tuzilmadagi doimiy vakili, YUNESKOning "Ipak yo'li" dasturi va Xitoyning tashkilotdagi diplomatik vakolatxonasi bilan birgalikda tashkil etildi.

Tadbir O'zbekiston va Xitoy tashabbusi bilan 2024-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e'lon qilingan 10-iyun – Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kunini nishonlash doirasida bo'lib o'tdi.

Simpoziumda YUNESKO Bosh direktorining tabiiy fanlar bo'yicha yordamchisi Lidiya Brito, a'zo davlatlarning YUNESKO huzuridagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va vakillari hamda yosh olimlar, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbirda Ipak yo'lining tarixiy merosi va turli madaniyat va sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga qo'shgan hissasi, jumladan, san'at va adabiyot, falsafa va ma'naviyat, fan, bilim va nou-xau kabi sohalarda muhokama qilindi.

So'zga chiqqanlar bir-birini boyitish, umumiy rivojlanish va barqaror tinchlik uchun Ipak yo'li bo'ylab turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot va almashinuvlar muhimligini ta'kidladilar.

Tadbir, shuningdek, savdo, ilm-fan, san'at va ma'naviyat kabi turli sohalardagi sivilizatsiyalar xilma-xilligining qadr-qimmatini anglash, muloqot, o'zaro hurmat va global hamjihatlikni rivojlantirish, yana-da uyg'un va o'zaro bog'langan dunyoni targ'ib qilishga hissa qo'shdi.

Xususan, O'zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakili tadbir ishtirokchilariga Buyuk ipak yo'li chorrahasida joylashgan yurtimizning Buxoro, Samarqand va Xiva kabi tarixiy shaharlarining turli xalqlar, madaniyat va sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqotni rivojlantirish, ilmiy kashfiyotlar, texnologiyalar va intellektual an'analar almashishdagi o'rni haqida ma'lumot berdi.

Markaziy Osiyoning Muhammad Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug'bek, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Al-Farg'oniy kabi buyuk alloma va mutafakkirlarining Buyuk ipak yo'li bo'ylab ilmiy almashinuv va muloqotni rivojlantirishdagi tarixiy hissasi qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi O'zbekistonda ilm-fan, ta'lim va madaniyatni rivojlantirish orqali Uchinchi Renessansni barpo etishga alohida e'tibor qaratayotgani ta'kidlandi. Shuningdek, ishtirokchilar O'zbekistonning ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, yetakchi jahon ilmiy markazlari bilan sheriklik aloqalarini yo'lga qo'yish, yangi tadqiqot tarmoqlarini yaratish, dunyoning turli mamlakatlari va mintaqalari o'rtasida ilmiy-texnika almashinuvini kengaytirish bo'yicha xalqaro tashabbuslar bilan tanishdilar.

Xususan, Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgani, sun'iy intellekt etikasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar uchun Beruniy nomidagi YUNESKO – O'zbekiston xalqaro mukofoti ta'sis etilgani ta'kidlandi.

Shu yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan YUNESKOning 14-Yoshlar forumi yosh olimlar uchun muloqot, hamkorlik va bilim almashishni kengaytirish platformasi bo'lishi ta'kidlandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish