O‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar uchun Germaniyada maxsus yozgi o‘quv kurslari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda
Iyun 01, 2026. 16:25 • 2 daq
• 100
FRAYBURG, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Frayburg shahrida O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari, Shveysariyaning “Swiss Cham Asia” tashkiloti prezidenti Urs Lastenberger hamda “Singularity Academy” instituti prezidenti Ying Zang o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida tomonlar ilmiy izlanishlar, sarmoya va taʼlim sohalarida o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Muloqotning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlik belgilanib, ekspertlar “O‘rta koridor” xalqaro transport marshrutini rivojlantirish hamda O‘zbekistonning Osiyo va Yevropani bog‘lovchi tranzit markazi sifatida tutgan geostrategik o‘rnini birgalikda ilmiy o‘rganish tashabbusini ilgari surdilar.
Sarmoyaviy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida, sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekistonga ilg‘or raqamli texnologiyalarni olib kirish hamda og‘ir dardga chalingan bemorlarni davolash uchun yuqori texnologiyali tibbiy uskunalar bilan jihozlangan tibbiyot maskanini ochish ko‘rib chiqildi.
Energetika sohasida mamlakatimiz energetika tizimida qayta tiklanuvchi va “yashil” energetika manbalarini rivojlantirish hamda tarmoq samaradorligini oshirishga qaratilgan moliyaviy va texnologik qo‘llab-quvvatlash loyihalarini ilgari surish bayon etildi.
Shuningdek, tomonlar yoshlar siyosati va taʼlim sohasiga ham alohida eʼtibor qaratib, o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar va mutaxassislar uchun Germaniyada yoz mavsumida maxsus o‘quv kurslari tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar ilmiy-tadqiqot, O‘zbekistonga sarmoyalarni jalb etish va taʼlim yo‘nalishlarida erishilgan yuqoridagi kelishuvlarni yaqin kelajakda amaliyotga joriy etish bosqichlarini ishlab chiqish hamda mazkur yo‘nalishlarda qo‘shimcha muloqotlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston elchisi Buyuk Britaniyaning Sharqiy Sasseks grafligidagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari rahbariyati bilan uchrashdi

Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston yosh peterburgliklar nigohida” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi


