Logo

Yaponiya fuqarolari va tashkilotlari O'zbekiston elchixonasi faxriy yorlig'i bilan taqdirlandi

Fevral 12, 2025. 08:01 • 2 daq

128
Yaponiya fuqarolari va  tashkilotlari O'zbekiston elchixonasi faxriy yorlig'i bilan taqdirlandi

TOKIO, 12-fevral. /"Dunyo" AA/. Yaponiyaning bir qator tashkilotlari va fuqarolari O'zbekiston elchixonasi faxriy yorlig'i bilan taqdirlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Yurtimiz elchixonasida 2024-yilda O'zbekiston va Yaponiya o'rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ta'lim va turizm sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlik rivojiga salmoqli hissa qo'shgan yapon tashkilotlari va fuqarolarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

Elchi Muhsinxo'ja Abdurahmonov tadbir avvalidagi nutqida, bugungi kunda O'zbekiston va Yaponiya o'rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda sezilarli darajada kengayib borayotganligini ta'kidladi. Xususan, 2024-yilda bir qator yuqori darajadagi uchrashuvlar, tadbirlar va tashriflar tashkil etildi. Ular ikki davlat o'rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va hududlararo aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, savdo-iqtisodiy ko'rsatgichlar va sayyohlik almashinuvida ham ijobiy ko'rsatkichlar qayd etilgani ma'lum qilindi.

Mamlakatlarimiz o'rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlashda Yaponiya tashkilotlari va fuqarolari munosib hissa qo'shayotgani qayd etildi.

Marosimda "Yaponiya-O'zbekiston" jamiyati raisi Fumihiko Kato so'zga chiqib, so'nggi yillarda O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan tub islohotlar va ularning ijobiy natijalarini yuqori baholadi. "O'zbekistonda har yili 6 foizga yaqin iqtisodiy o'sish kuzatilmoqda. Yildan-yilga aholi soni oshib, yetuk kadrlar yetishib chiqayapti. Mamlakatning yaqin qo'shnichilik siyosati natijasida Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsiz makonga aylanib bormoqda. Xorijiy investorlarga yaratib berilayotgan qulay muhit esa ishbilarmon doiralari vakillari o'rtasida katta qiziqishga sabab bo'layotir", dedi u.

Tadbir davomida diplomatik vakolatxona rahbari Yaponiya vakillariga O'zbekiston elchixonasi faxriy yorliqlarini tantanali tarzda topshirdi.

 

Quyida O'zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi faxriy yorliqlari bilan taqdirlanganlar ro'yxati e'tiboringizga havola qilinmoqda:

 -Tanaka Tetsuji, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasini o'rganish ilmiy-tadqiqot instituti bosh direktori;

 –Masuda Yumiko, "Heisei Project" kompaniyasi prezidenti;

–Xidaka Shinsuke, Sukuba universiteti kichik professori;

–Manabu Shimizu, Yaponiya rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti faxriy professori;

–Ivamoto Kyoko, "Cultural Sending Promotion Committee" kompaniyasi prezidenti;

–Kavabata Yoshiko, "O'zbekiston-Yaponiya" jamiyati ijrochi direktori, Tokio qishloq xo'jaligi texnologiyalari universiteti professori;

–Shova Naoki, "Sansei Corporation" kompaniyasi prezidenti;

–Akane Masaoka, "O'zbekiston madaniyati va turizmi" assotsiatsiyasi raisi;

-"OISCA Interantional" tashkiloti;

-"BHN Association" tashkiloti.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish