Logo

O'zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Nyu-York shahrida bir qator samarali uchrashuvlar o'tkazdi

Oktabr 02, 2025. 12:15 • 2 daq

434
O'zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Nyu-York shahrida bir qator samarali uchrashuvlar o'tkazdi

TOSHKENT, 2-oktyabr. /"Dunyo" AA/.  O'zbekiston Prezidenti tashrifi yakunidan so'ng tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi qator tadbirlarda ishtirok etdi va xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

TIV ma'lumotiga ko'ra, tashrif chog'ida vazir yigirmadan ortiq davlatlarning tashqi ishlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o'tkazdi. Albaniya, Yaponiya, Qirg'iziston, Kuba, Qozog'iston, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya, Ukraina, Jazoir, Tojikiston, Belarus, Bolgariya, Germaniya, Misr, Mongoliya, Bahrayn, Serbiya, AQSh va boshqa mamlakatlar bilan muzokaralar amalga oshirildi. Qator hamkor davlatlar bilan idoralararo hamkorlik bo'yicha hujjatlar imzolandi, shuningdek, O'zbekiston va Palau Respublikasi o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilishi bo'yicha tarixiy marosim o'tkazildi.

Delegatsiya xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari bilan ham mazmunli muloqotlar olib bordi. Siyosiy dialogni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, iqtisodiy va strategik sheriklikni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar sohada hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O'zbekiston TIV delegatsiyasi qator nufuzli tadbirlarda ham ishtirok etdi. Jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashining sun'iy intellekt va xalqaro tinchlik hamda xavfsizlik masalalariga bag'ishlangan ochiq bahslari, IHT Tashqi ishlar vazirlarining yillik muvofiqlashtirish yig'ilishi, Al-Hol lageri, atrofdagi lagerlar va qamoq joylaridan shaxslarni qaytarishga bag'ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasi hamda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha kengash (OHIChK) Tashqi ishlar vazirlari norasmiy yig'ilishi.

Ushbu faol ishtirok O'zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish, manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning global tashabbuslarini ilgari surishda muhim qadam bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish