O'zbekiston va Buyuk Britaniyaning Uels ma'muriy hududi o'rtasidagi hamkorlik kengaymoqda
Июль 11, 2025. 17:44 • 2 дақ
• 147
LONDON, 11-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning Uels ma'muriy hududi poytaxti Kardiff shahri meri Adrian Robson bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Kardiff shahri meri Adrian Robson muloqot avvalida O'zbekistonda har jabhada kechayotgan yangilanishlar, jumladan, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat kursi, iqtisodiyot va tashqi savdoni liberallashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, ta'lim tizimini tubdan o'zgartirish borasida olib borilayotgan sa'y-harakatlarni yuqori baholadi.
Shu yilning 5-17-iyun kunlari Britaniya shaharlari bo'ylab tashkil etilgan "O'zbekiston karvoni" Kardiff shahrida ham bayramona kayfiyatda kutib olingani ta'kidlandi.
Suhbat davomida qayta tiklanuvchi energiya, qishloq xo'jaligi, IT, turizm va mehnat migratsiyasi sohalarida keng ko'lamli hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida yuqorida ko'rsatilgan yo'nalishlar bo'yicha aniq loyihalarni ishlab chiqish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Uels Buyuk Britaniya tarkibidagi to'rtta ma'muriy-siyosiy hududlardan biri bo'lib, unda 3,1 million aholi istiqomat qiladi. Hududning yalpi ichki mahsuloti (YIM) hajmi 115,7 milliard dollarni tashkil etadi. Iqtisodiyot, asosan, xizmat ko'rsatish sohasi, turizm, qishloq xo'jaligi va sanoatga tayanadi. Shuningdek, Uelsda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan, shamol va suv energetikasi muhim ahamiyatga ega. Qishloq xo'jaligida esa chorvachilik va sut mahsulotlari yetakchi yo'nalishlar hisoblanadi.
Kardiff shahri hududning asosiy iqtisodiy markazi sifatida ajralib turadi. Uels so'nggi yillarda Buyuk Britaniyaning ko'plab mintaqalariga nisbatan yuqori iqtisodiy o'sish sur'atlari va nisbatan barqaror farovonlikni saqlab kelmoqda.
Telegram каналига обуна бўлинг
Барча янгиликлар ва янгиланишлардан биринчилардан бўлиб хабардор бўлинг!
Сўнгги янгиликлар
Барчаси