Hindiston parlament delegatsiyasi joriy yil may oyida Toshkentga tashrif buyurishga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Aprel 18, 2026. 17:30 • 2 daq
• 143
DEHLI, 18-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish borasidagi izchil faoliyat doirasida O‘zbekistonning Dehlidagi elchisi Sardor Rustamboyevning Hindiston parlamenti quyi palatasi (Lok Sabha) deputati, «Hindiston–O‘zbekiston» parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Ganesh Singh bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yangilanish jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot taqdim etildi. O‘zbekistonning parlamentarizm institutlarini yanada mustahkamlash va takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlariga alohida urg‘u berildi.
Diplomat Oliy Majlis xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo hamkorlikni izchil kuchaytirib borayotganini ta’kidladi. 2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani buning yorqin tasdig‘i bo‘ldi.
Ushbu yirik xalqaro forum ishida Lok Sabha spikeri Om Birla boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi. Ikki tomonlama munosabatlarning yuqori darajasi O‘zbekistonga tashrif davomida mehmonlarning Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinganida ham o‘z ifodasini topgani qayd etildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin hamkorlik va strategik sheriklikning yana bir ramzi milliy parlamentlarda do‘stlik guruhlarining tashkil etilganidir.
Ganesh Singh O‘zbekiston va Hindiston munosabatlarining chuqur tarixiy va madaniy ildizlarini qayd etib, ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga shaxsiy hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi. Deputat parlament diplomatiyasining mazkur jarayondagi muhim o‘rnini ta’kidladi.
Lok Sabha deputati qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirish maqsadida Hindiston parlamenti delegatsiyasi joriy yil may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Delegatsiya tarkibiga «Hindiston–O‘zbekiston» parlament do‘stlik guruhi a’zolari kiritilishi kutilmoqda.
Do‘stlik guruhi raisi, shuningdek, qurilish, energetika, kon-metallurgiya sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, turizm, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini izhor qildi.
Uchrashuvda mamlakatimiz elchixonasi tomonidan «Hindiston–O‘zbekiston» parlament do‘stlik guruhi a’zolari uchun brifing tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tadbir mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga bag‘ishlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi