YUNESKO bilan hamkorlikda O‘zbekistonning tarixiy va meʼmoriy merosini asrashga eʼtibor kuchaytiriladi

Sentabr 10, 2026. 15:00 • 2 daq

165
YUNESKO bilan hamkorlikda O‘zbekistonning tarixiy va meʼmoriy merosini asrashga eʼtibor kuchaytiriladi

PARIJ, 10-sentabr. /“Dunyo” AA/. YUNESKO huzuridagi O‘zbekistonning doimiy vakili Kamol Muxtarov tashkilotning Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tomonlar qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda O‘zbekistonning madaniy meros obyektlarini himoya qilish va asrab-avaylash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Lazar Elundu Assomo 26-iyul kuni Pusan shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida Toshkentdagi modernistik arxitektura obyektlari YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani munosabati bilan O‘zbekistonni yana bir bor tabrikladi.

Markaz direktori ushbu tarixiy voqea O‘zbekistonning boy va rang-barang madaniy merosini saqlab qolish borasidagi keng ko‘lamli chora-tadbirlari xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilganidan dalolat berishini taʼkidladi.

Muloqotda “Poi Kalon” meʼmoriy majmuasini restavratsiya qilish va “Shahriston” hududida “ochiq osmon ostidagi” arxeologik muzeyini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv davomida joriy yilning may–iyun oylarida Buxoroda faoliyat olib borgan xalqaro ekspertlar missiyalari yakunlari va ushbu loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha galdagi qadamlar ham ko‘rib chiqildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish