Dushanbedan munosabat: Serbiya O‘zbekiston uchun Yevropaga olib chiquvchi strategik darvoza sanaladi

Sentabr 10, 2026. 17:30 • 3 daq

15
Dushanbedan munosabat: Serbiya O‘zbekiston uchun Yevropaga olib chiquvchi strategik darvoza sanaladi

DUSHANBE, 10-sentabr. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 7–8-sentabr kunlari Serbiyaga rasmiy tashrifi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi Yevroosiyoning zamonaviy geosiyosiy arxitekturasida yangi sahifa ochmoqda.

Ekspertlar odatda bunday aloqalarni ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi yoki imzolangan hukumatlararo kelishuvlar orqali baholaydi. Biroq biz O‘zbekistonni nafaqat mintaqaviy, balki Yevroosiyo miqyosida o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil belgilayotgan suveren davlat sifatida ko‘ramiz.

Bugungi globallashuv davrida har bir davlat o‘z kelajagini mustaqil shakllantirishga intilishi muhim. O‘zbekiston ham aynan shu mantiq asosida harakat qilmoqda va Markaziy Osiyodan Janubiy Yevropagacha bo‘lgan hududda ko‘p darajali hamkorlik tarmog‘ini barpo etmoqda.

O‘zbekistonning Serbiya bilan yaqin sheriklik munosabatlari bir qarashda geografik uzoqlik va turli siyosiy-ijtimoiy sharoitlar tufayli murakkabdek ko‘rinishi mumkin. Ammo geoiqtisodiy tahlil butunlay boshqacha manzarani ko‘rsatadi.

Serbiya uchun Markaziy Osiyo bozoriga chiqish jadal rivojlanayotgan Yevroosiyo markazida o‘z o‘rnini mustahkamlash imkonini beradi. O‘zbekiston uchun esa Serbiya G‘arbga olib chiquvchi strategik darvoza, G‘arbiy Bolqon va Janubi-Sharqiy Yevropadagi muhim tayanch nuqta hisoblanadi.

Serbiya tarixan va geosiyosiy jihatdan mustaqil, ko‘p vektorli siyosat yuritib, turli hamkorlar bilan muvozanatni saqlab kelmoqda. Bu pozitsiya Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosiy falsafasiga juda hamohangdir. Zero, Xitoy kabi yirik davlatlarning Bolqon yo‘nalishiga katta eʼtibor qaratayotgani ham bejiz emas.

Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati Yevroosiyodagi logistika va ishlab chiqarish yo‘nalishlarini qayta shakllantirishga qaratilgan puxta o‘ylangan va uzoq muddatli strategiya sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu juda muhim jihat.

Transport-logistika tizimini rivojlantirish orqali O‘zbekiston savdo yo‘llarining uzluksizligini taʼminlashga intilib kelmoqda. Sharq–G‘arb yo‘nalishida Xitoyni Markaziy Osiyo orqali Kaspiy dengizi, Qora dengiz portlari va undan keyin Yevropa bozorlari bilan bog‘laydigan transport yo‘nalishlari allaqachon shakllangan.

O‘zbekiston–Serbiya hamkorligi esa ushbu mantiqqa tabiiy ravishda mos keladi. Mamlakat Yevropaning ichki hududlariga olib kiruvchi muhim quruqlik va iqtisodiy ko‘prik vazifasini bajarishi mumkin.

Serbiya orqali o‘zbek biznesi va sanoat korxonalari Yevropa bozoriga yanada qulay kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa mavjud geosiyosiy va logistik to‘siqlarni kamaytirish, eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Shu maʼnoda, O‘zbekistonning yetakchi davlatlar bilan transport-logistika sohasidagi saʼy-harakatlari Serbiya bilan hamkorlik orqali yanada kengayishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga tashrifi Yangi O‘zbekistonning uzoq muddatli tashqi siyosiy va iqtisodiy strategiyasida muhim qadam bo‘lib, mamlakatning Yevropa bilan savdo-iqtisodiy va transport aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish