"O'zbekiston – 2030" strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish bo'yicha davlat dasturi qabul qilindi

Fevral 10, 2025. 14:50 • 2 daq

1178
"O'zbekiston – 2030" strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish bo'yicha davlat dasturi qabul qilindi

TOSHKENT, 10-fevral, /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti "O'zbekiston – 2030" strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida"gi farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Hujjat bilan "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yilida mamlakatimiz rivojlanishining ustuvor yondashuvlari bo'yicha bir qator vazifalar belgilandi.

Unga ko'ra, mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko'chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish, aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish, tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta'minlash, o'simlik va hayvonot dunyosini asrash, ko'paytirish va keyingi avlodga yetkazish hamda biologik xilma-xillikni saqlash, "yashil iqtisodiyot" tamoyillarini keng joriy qilish, iqtisodiyotni iqlim o'zgarishiga moslashtirishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish bo'yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik "yashil energiya" stansiyalarini barpo etish, hududlarda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog'ini kengaytirish, aholi xonadonlarida quyosh panellarini o'rnatishni rag'batlantirish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o'tamiz, shu yil 13-yanvar kuni O'zbekiston Prezidentining O'zbekiston – 2030" strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida"gi farmon loyihasi umumxalq muhokamasi uchun "Taraqqiyot strategiyasi" markazi veb-saytiga joylashtirilgan edi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish