Sankt-Peterburgda “Sen yetim emassan” o‘zbek badiiy filmi namoyish etildi
May 04, 2026. 08:10 • 2 daq
• 298SANKT-PETERBURG, 4-may. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona vakillari tomonidan Sankt-Peterburg Politexnika universiteti qoshidagi “Texnopolis Politex” ilmiy-tadqiqot markazida 1962 yilda Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingan “Sen yetim emassan” o‘zbek badiiy filmi namoyish qilindi.
Tadbir Xotira va qadrlash kuni arafasida o‘zbek kino merosini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi. Unda Sankt-Peterburg politexnika universiteti o‘qituvchilari, talabalar, ilmiy-tadqiqot markazi vakillari va vatandoshlar qatnashdi.
Uchrashuvda universitet prorektori Dmitriy Arsenyev urush yillarida Toshkentda turli millat vakillaridan bo‘lgan 14 nafar bolani tarbiyalagan o‘zbek oilasi – Shoahmad Shomahmudov va Bahri Akramovaning insonparvarligi va jasorati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. U “Sen yetim emassan” badiiy filmida insonparvarlik va mehr-shafqat kabi umuminsoniy qadriyatlar mujassam ekanini qayd etdi. Prorektor O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligini bildirdi.
Bosh konsulxona diplomati Kabul Alimov tadbirni tashkil etishda universitet vakillariga hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi. U tadbir ishtirokchilariga filmning yaratilish tarixi, "Hazrati inson" romani muallifi Rahmat Fayziy va rejissyor Shuhrat Abbosovning hayoti va ijodi haqida qiziqarli maʼlumotlar berdi.
Ushbu film garchi bir necha bor ko‘rilgan bo‘lsa-da, namoyish davomida zalda samimiy va taʼsirli muhit hukm surdi. Universitet vakili Tatyana Zemlinskaya filmni avval ham ko‘p bora ko‘rganini, har safar tomosha qilganida qalbida ajib his-tuyg‘ular uyg‘onishini taʼkidladi.
Hindistonlik talaba Vedant Gupta Rossiya va O‘zbekiston xalqlari tarixi, o‘zbek xalqining insonparvarligi va bag‘rikengligi bilan yaqindan tanishish imkoni yaratilgani uchun tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

