Ikkinchi jahon urushida Norvegiyada dafn etilgan o‘zbek askarlari xotirasi yod etildi
Aprel 06, 2026. 14:32 • 2 daq
• 142
OSLO, 6-aprel. /“Dunyo” AA/. Norvegiya poytaxtida ikkinchi jahon urushida Norvegiyada dafn etilgan o‘zbekistonlik askarlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Stokgolmdagi elchixonasi, O‘zbekiston musulmonlar idorasi va Norvegiyadagi o‘zbek diasporasi vakillaridan iborat delegatsiya “Vestre Gravlund Cemetery” qabristonini ziyorat qildi.
Ushbu ziyoratda Ikkinchi jahon urushi yillarida halok bo‘lgan va shu yerdagi qabristonda dafn etilgan o‘zbekistonlik askarlar xotirasi yod etildi. Delegatsiya aʼzolari marhumlar ruhiga duo qildi.
Mazkur uchrashuv tarixiy xotirani asrab-avaylash, ajdodlar ruhiga ehtirom bildirish va kelajak avlodlarga tinchlik qadrini yetkazishda muhim maʼnaviy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Norvegiyada Ikkinchi jahon urushi davrida halok bo‘lgan taxminan 13 ming 700 nafar sobiq sovet harbiy asirlari dafn etilgan. Shundan 7 ming 800 nafarining shaxsi aniqlangan. Dafn etilganlarning ko‘pchiligi Markaziy Osiyo, Kavkaz va Belarus hududlaridan bo‘lgan. O‘zbekistondan esa 12 nafar askar “Vestre Gravlund Cemetery” qabristonida dafn etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi