Logo

Niderlandiyada 2-jahon urushi qurbonlari bo‘lgan o‘zbekistonlik askarlar xotirasi yod etildi

Aprel 14, 2026. 10:55 • 2 daq

237
Niderlandiyada 2-jahon urushi qurbonlari bo‘lgan o‘zbekistonlik askarlar xotirasi yod etildi

LEYSDEN, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Niderlandiyaning Lyoysden shahri yaqinidagi “Kudrist” monumenti xiyobonida Markaziy Osiyodan, xususan, O‘zbekistondan bo‘lgan 77 nafar askar xotirasiga bag‘ishlangan anʼanaviy yod etish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tantanali marosimda O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi diplomatlari, Lyoysden shahri meri Gerolf Baumister, “Sovet shon-sharaf maydoni” jamg‘armasi rahbariyati, jamoatchilik faollari hamda Niderlandiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida Niderlandiya hukumati va “Sovet shon-sharaf maydoni” jamg‘armasiga, xususan uning raisi Remko Reydingga askarlar qabrini obodonlashtirish, Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasini abadiylashtirish hamda nomaʼlum askarlarning shaxsini aniqlash borasidagi ko‘p yillik zahmatli saʼy-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.

Taʼkidlanganidek, bu yerda dafn etilgan 101 nafar askarning 77 nafari aynan o‘zbekistonlik bo‘lib, ularning taqdirini o‘rganish nafaqat tarixiy, balki yuksak maʼnaviy ahamiyatga ega.

Marosim yakunida O‘zbekiston vakillarining jasoratini ulug‘lash, ushbu yo‘nalishdagi ilmiy-qidiruv ishlarini davom ettirish hamda madaniy-maʼrifiy tadbirlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish