1-iyundan Maskat–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
Aprel 09, 2026. 12:33 • 2 daq
• 67
MASKAT, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Maskat shahridagi “Xazain” iqtisodiy hududidagi “Silal” markaziy bozori faoliyati bilan tanishdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston elchisi Abdusalom Hotamov tashrif davomida bozor imkoniyatlari va zamonaviy infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi. Bozor rahbariyati tomonidan “Silal” markazining taqdimoti o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda yetishtirilgan meva va sabzavotlarni O‘mon bozoriga yetkazib berish, eksport hajmini oshirish va ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
“Silal” ijrochi direktori Nabil al-Ruvaydi O‘zbekiston mahsulotlari sifati bilan yaxshi tanish ekanini taʼkidlab, ularni O‘mon bozoriga olib kirishda o‘zbekistonlik eksportyorlarga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bozor O‘zbekiston mahsulotlarini sultonlikda keng targ‘ib qilish va mahalliy importyorlarni topish uchun qulay maydon hisoblanadi.
Shu bilan birga, joriy yil 1-iyundan Maskat–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi savdo hajmini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida “Silal” bozori hududida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etish va uning doirasida o‘zbekistonlik hamda o‘monlik tadbirkorlar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi