Logo

Sirdaryo viloyati va Vengriyaning Bekesh provinsiyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha yangi yo‘nalishlar belgilandi

Aprel 06, 2026. 20:00 • 2 daq

168
Sirdaryo viloyati va Vengriyaning Bekesh provinsiyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha yangi yo‘nalishlar belgilandi

BUDAPESHT, 8-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov boshchiligidagi diplomatik missiya vakillari Vengriyaning Bekesh provinsiyasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bekesh mintaqasi Vengriyaning muhim qishloq xo‘jaligi markazi hisoblanib, mamlakatda donli ekinlar, makkajo‘xori, kungaboqar va sabzavotlar yetishtirish hamda qayta ishlash sanoatida yetakchi o‘rin tutadi. Qulay geografik joylashuvi va rivojlangan infratuzilmasi tufayli ushbu hudud Yevropa Ittifoqining savdo-logistika jarayonlarida faol ishtirok etadi.

Tashrif davomida provinsiya rahbariyati, Mintaqaviy assambleya va Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

Vengriya tomoni o‘zbek delegatsiyasining tashrifi amaliy sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ochishda muhim ahamiyat kasb etishini eʼtirof etdi.

Tadbir doirasida Sirdaryo viloyati va Bekesh provinsiyasi o‘rtasidagi savdo-investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan muloqot tashkil etildi. Unda vengriyalik ishbilarmon doira vakillari ishtirok etib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, logistika, sanoat va madaniy almashinuv sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro tashriflarni tashkil etish, biznes-forumlar o‘tkazish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolash bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Mazkur tashabbuslar Sirdaryo va Bekesh hududlarining iqtisodiy salohiyatini birlashtirish orqali ikki mamlakat farovonligiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish